Ekologiya vazirligi iqlim bo‘yicha kun tartibiga yoshlarni jalb qilish strategiyasini taqdim etdi
11.
03. 2024
18:16
4179
Yangiliklar

11-mart kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida yoshlarni iqlim masalalari bo‘yicha kun tartibiga jalb etish bo‘yicha Strategiya taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Volontyorlar assotsiatsiyasi rahbari Shirin Abidova, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro ta’lim platformasi — "Climatescience rahbari" Maykl Bekland, senariynavis, “Qahramonlar davri” bolalar kitoblari muallifi Madina Mo‘minova, OAV vakillari va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda yoshlarni iqlim bo‘yicha kun tartibiga jalb etish dasturi taqdimoti o‘tkazildi. Ishtirokchilarga vazirlik tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar, mustaqil ekologiya faollarining “upcycling” (qayta ishlash) g‘oyalari va mas’uliyatli iste’mol konsepsiyasini aks ettiruvchi ijodiy ishlari namoyish etildi.

“Barcha Strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda uni tatbiq qilish jarayonlariga yoshlarni jalb etish faoliyatimizda asosiy oʻrinni egallaydi. Chunki yoshlar o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, ularning g‘ayrati, faolligi va ijodkorligi barqaror va yashil kelajakni shakllantirishning muhim omili hisoblanadi”,dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

Vazirlikning yoshlarga oid strategiyasi uchta ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga olgan: jalb etishning institutsional mexanizmi, ekologik tadbirlar taqvimi va iqlim hamda ekologiya sohasidagi ta'limni rag'batlantirish. Jalb etishning institutsional mexanizmi 75 kishidan iborat Yoshlar kengashini tashkil etish, respublikaning barcha hududlaridan 14 nafar ekologiya elchisini tayinlash va “Kichik qahramonlar” bolalar eko-harakatining ekoqo‘mitalarini tashkil etishni nazarda tutadi. Tadbirlarning kalendar rejasiga muvofiq, vazirlik hamkorlar bilan birgalikda joriy yilda “EduCo” festivali, “Clean Games”, “Plogging”, eko-mukofot va boshqa tadbirlarni o‘tkazadi.



“Yoshlar bilan ishlash” strategiyasida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida Ekologiya vazirligi va O‘zbekiston Volontyorlar Assotsiatsiyasi o‘rtasida Memorandum imzolandi. Ushbu Strategiya “Yoshlar ekologiya elchilari” dasturi kabi loyihalarni oʻz ichiga oladi, ular doirasida Oʻzbekistonning barcha hududlaridan “open call” usuli boʻyicha faol yosh yetakchilar tanlab olingan. Bu yetakchilar Ekologiya vazirligi huzuridagi Yoshlar kengashi ko‘magida ekologik muammolarning hududiy xaritalarini ishlab chiqadi.

Tadbir davomida vazirlikning bolalar va yoshlar o‘rtasida ekologik ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muvaffaqiyatli tashabbuslari haqida ma’lumot berildi. Viloyat maktablariga tashkil etilgan xayriya sayohatlari, ekologiyaga oid brayl alifbosidagi kitoblar tarqatilishi ana shunday misollardandir. “Kichik eko-qahramon” tadbirida bolalar ekologik harakatida faol ishtirok etayotgan, ularning tabiatni asrashga qo‘shgan hissasini e’tirof etgan yoshlar alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida “Upcycling.uz”, “Ecojonlab” va “Swap Bozor” kabi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Ma’lumot uchun, “Upcycling.uz” eski narsalarni ijodiy jihatdan o‘zgartirish, ularni qayta ishlash va bu orqali atrof-muhitni asrashni nazarda tutadi. “Swap Bozor” esa ekologik xabardorlik va mas’uliyatli iste’mol tamoyillariga asoslangan. Ushbu loyiha nafaqat chiqindilarni kamaytirish va barqaror turmush tarzi, balki ekologik mas'uliyat va hamjihatlikni targ‘ib qiladi.

Foydali manbalar