Vazirlikning vazifalari va faoliyati

O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining asosiy vazifalari va faoliyati

– Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va takror ishlab chiqarish sohasida davlat boshqaruvi;

– Atrof muhitning maqbul ekologik holatini, ekologik tizimlarni, tabiiy komplekslarni va alohida ob’ektlarni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash;

– Chiqindilarni boshqarish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, joylashtirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning samarali tizimini tashkil etish, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;

– Er, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, o‘simliklar va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini o‘tkazish, atmosfera havosini muhofaza qilish;

– Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, yagona ekologik va resurslarni tejash siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;

– Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlar, yovvoyi o‘simliklar, zoologiya va botanika kollektsiyalarini ko‘paytirish va parvarish qilish uchun pitomniklarni davlat ro‘yxatiga olish;

– Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida ekologik ta’lim, targ‘ibot va ta’limni tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

 

O‘zbekiston Respublikasida atrof muhitni muhofaza qilish va ekologiya siyosatini tartibga solish hamda amalga oshirish 

Mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni ta’minlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, respublika aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, shuningdek, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarga erishishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son Farmoni bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi tasdiqlangan.

Mazkur Kontseptsiya o‘zida:

– atrof muhit ob’ektlarini (atmosfera havosi, suv, yer, tuproq, yer qa’ri, bioxilma-xillik, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar) antropogen ta’sir hamda boshqa salbiy ta’sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta’minlash;

– ekologik jihatdan eng kam xavf tug‘diruvchi materiallardan, mahsulotlardan, ishlab chiqarish ob’ektlari va boshqa ob’ektlardan ustuvor darajada foydalanish;

– qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni kengaytirish;

– zaharli kimyoviy va radioaktiv moddalardan ekologik xavfsiz foydalanishni ta’minlash;

– chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish;

– aholining ekologik madaniyatini shakllantirish, atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari faoliyatining shaffoflik darajasini oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish chora-tadbirlarini qamrab olgan.

Kontseptsiya erishilgan natijalar, maqsadli ko‘rsatkichlar va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga alohida-alohida tasdiqlanadigan «yo‘l xaritalari» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Kontseptsiyaning amalga oshirilishi natijasida 2030 yilda:

– Orol dengizining qurigan tubining O‘zbekistondagi qismida o‘rmonzorlar maydonini uning jami hududiga nisbatan 60 foizgacha yetkazish;

– qishloq xo‘jaligida suv resurslarini yo‘qotishni 10 foizga kamaytirish;

– qishloq xo‘jaligida suv iste’molini (solishtirma gektarga nisbatan) 15 foizga kamaytirish;

– oqava suvlarini tozalash samaradorligini 80 foizgacha oshirish;

– atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini 10 foizga kamaytirish;

– transport vositalarining 80 foizini gaz-ballon yoqilg‘isi va elektr energiyasida ishlashga o‘tkazish;

– o‘rmonzorlar bilan qoplangan o‘rmon fondi hududini 4,5 mln gektargacha kengaytirish;

– IV toifadagi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar maydonini 12 foizgacha kengaytirish;

– Qizil kitobga kiritilgan va pitomniklarda parvarish qilingan chiroyli tuvaloqlarni tabiatga qo‘yib yuborishni yiliga 4000 gacha ko‘paytirish;

– aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olish;

– hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 65 foizgacha ko‘paytirish;

– alohida xususiyatga ega chiqindilar (tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatib bo‘lingan moylar, qadoqlar chiqindilari va boshqalar)ni qayta ishlash hajmini 30 foizgacha ko‘paytirish kutilmoqda.

 


Foydali manbalar