Chiqindilarni saralash va qayta ishlash — davr talabi

Kishilik jamiyati va tabiat bir butun. Shu bois ularni ayri holda tasavvur eta olmaymiz desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo so‘nggi yillarda tabiiy resurslardan foydalanish hajmi va sur’atining o‘sib borishi tufayli insoniyatning tabiatga ko‘rsatayotgan ta’siri tobora kuchaymoqda. Bu o‘z navbatida, qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish dolzarb masala hisoblanadi.

Savdo tarmoqlari (supermarketlar, gipermarketlar va boshqalar) sonining aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi bilan bir vaqtda qadoqlangan mahsulotlar uchun xarid qobiliyatining ortishi pirovardida hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning ko‘payishiga olib kelmoqda. Urbanizatsiya ham chiqindilar hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatib, shahar hududlari aholisi qishloq aholisiga nisbatan ko‘proq chiqindi chiqarmoqda. qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash, utilizatsiya qilish hududlarda yechilmagan muammo bo‘lib qolmoqda.

Har kuni katta miqdorda keraksiz materiallar (ashyolar) chiqindiga aylanadi. Bunday aralashmalar tarkibida qimmatli bo‘lgan komponentlar, ya’ni metall, qog‘oz, shisha va plastiklar bor. Chiqindilar poligonlarda ko‘milganda, bu eski fraksiyalar shundayligicha yo‘qolib ketadi. Bundan tashqari, unbu aralashmalarda anchagina xavfli komponentlar ham mavjud: maishiy issiq o‘lchagich va lyuminessent chiroqlardagi simob,  batareykalardagi kislotalar va boshqalar. Chiqindilar to‘planish  hajmining muntazam ravishda o‘sishi va ularni utilizatsiya qilish vositalarining yetishmasligi respublikamizning ko‘pgina shaharlarida muammolarga sabab bo‘lmoqda. Qattiq maishiy chiqindilar to‘planishining o‘rtacha me’yorlari bevosita uy-joy fondida aholi jon boshiga yilda 240-328,5 kg ga yetadi.

Insonning yashash qulayligi o‘sishini ta’minlash zamonaviy hayotga yangi texnologiyalarni joriy etishga doir  vazifalarni qo‘yish bilan birga keladi. Misol uchun, bir marta ishlatiladigan plastik qadoqlash materiallarining arzonligi atrof-muhit muhofazasi uchun aksincha qimmatga tushadi. Natijada tuproqqa tushgandan keyin uning kimyoviy va fizik xususiyatlari o‘zgarishiga olib keladi va tuproq tarkibida tirik makro va mikro organizmlar sonini kamaytiradi va unumdorlikni buzadi. Ifloslantiruvchi moddalar bilan birgalikda kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar, gelmint tuxumlari va boshqa zararli organizmlar ko‘pincha tuproqning quyi qatlamlarigacha kiradi.

Insoniyat yangilik sifatida biologik va biokimyoviy parchalanmaydigan birikmalarni ixtiro qildi. Ularga turli xil qadoqlash materiallari, suyuqliklarni saqlash uchun idishlar, kauchuk, lavsan, sintetik polimerlar, yuvish vositalari, bo‘yoqlar kiradi. Uzoq muddat davom etadigan jarayonda bunday kimyoviy va biokimyoviy mahsulotlarning barchasi atrof-muhit va odamlar hayoti uchun zararli moddalar chiqarib parchalanadi.

Hozirgi vaqtda barcha turdagi chiqindilarni qayta ishlash faqat bir nechta mamlakatlarda an’anaviy amaliyotga aylanib bormoqda, ammo undan foydalanish zarurati muhim bo‘lib, iqtisodiy-ijtimoiy, ekologik va shu bilan birga energetik ahamiyatga ega. Chiqindi poligonlarida chiqindilarning yer ostidagi kimyoviy parchalanish natijasida atrof-muhitga karbonad angidrid va metan gazini chiqaradi, bu esa atmosferadagi issiqlikni ushlab, sayyoramizga tahdid soladigan issiqxona effektini yaratadi.

Mana shunday dolzarb ekologik muammolarga yechim topish borasida mamlakatimizda ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi “2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan poytaxtimizning Olmazor, Yashnobod tumanlari, Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududlari kesimida aholi va yuridik shaxslarning qattiq maishiy chiqindilarni saralashda ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, qattiq maishiy chiqindilarni saralash bu sayyoramizni chiqindilardan tozalashning birinchi qadamidir. Keyingi 20 yil ichida qadoqlash mahsulotlarining hajmi 246 barobarga oshgan. Chiqindilar Yer shari bo‘ylab teng taqsimlansa qalinligi 2 sm bo‘lgan qatlam hosil qiladi.



Tasavvur qiling, konserva banka 8-10 yil davomida tuproqda parchalanishi mumkin. Plastik butilkalar esa quyosh nuri tushganda 150 yilda, agar tuproq ostida bo‘lsa 400 yilda chiriydi, polietilen paketlarning chirishi uchun kamida 400 yil kerak bo‘ladi. “Coca-Cola”, “Fanta” kabi ichimliklarning alyuminiy qutilari 500 yilda yo‘q bo‘ladi. Shisha idishlar ming yillab yotaverdi. Hozirgi vaqtda muammoning eng dolzarb va oqilona usuli — chiqindilardan ongli ravishda xomashyo sifatida keng foydalanish. Biz qayta ishlanadigan qog‘oz karton, polimerlar, metall, eskirgan maishiy texnikalar, kiyim-kechaklar, simobli lampochkalar, termometrlar, batareyalarni saralab, qayta ishlashga beribgina sayyoramizni ko‘proq ifloslanishdan saqlaymiz. Qattiq maishiy chiqindilarning tarkibiy qismi 60-80 % qayta ishlashga yaroqli materiallar hisoblanishini ham unutmaylik.

Germaniyada maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish 1980 yillarning oxiridan boshlangan bo‘lsa, 2015 yildan bu mamlakatda chiqindilarni tanlab yig‘ishning yagona tizimi ishlab kelmoqda. Germaniyaliklar maishiy chiqindilardan biomassa, qog‘oz, shisha, metallar va plastmassalarni alohida-alohida to‘playdi. Bu turdagi chiqindilar uchun maxsus rangli idishlar o‘rnatilgan. Masalan, ko‘k – qog‘oz mahsulotlari uchun (gazetalar, jurnallar, karton qutilar); yashil – organik chiqindilar uchun. Dorixonalarda muddati o‘tgan dori-darmonlar qabul qilinadi, do‘konlarda eski batareyalar uchun yig‘ish punktlari mavjud bo‘lib, Germaniyada maishiy chiqindilar 66% qayta ishlanadi.

Yaponiya plastmassani qayta ishlash bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri bo‘lib, kunchiqar mamlakatda 1997 yilda qabul qilingan qonun asosida sanoat va uy xo‘jaligidagi polimerlarni boshqa toifadagi chiqindilardan ajratish majburiy hisoblanadi. Shu sabab ishlab chiqarishda ishlatiladigan plastmassaning ulushi 39% dan (1996 y.) 83% gacha (2014 y.) oshgan. U yerda sanoat chiqindilari qurilish materiali sifatida ishlatiladi. Nagoya shahri yaqinidagi xalqaro aeroport Tyubu va Kansai (Osaka)da parchalangan sanoat chiqindilaridan barpo etilgan sun’iy orollar qurilgan.

“AVA-Treyd" va Yaponiyaning “Super Faiths” kompaniyasi texnologiyasi pampers va tagliklarni yoqilg‘i briketlariga qayta ishlashga imkon beradi, uni qozonxonalarda ham, xususiy isitish tizimlarida ham ishlatish mumkin. Amerika Qo‘shma Shtatlarida, masalan, San-Fransisko kabi 80% gacha chiqindilar qayta ishlanadigan shaharlar bor. Chet el tajribasi shuni ko‘rsatadiki, chiqindilarni boshqarish tizimining barcha ishtirokchilariga ta’sir ko‘rsatadigan samarali rag‘batlar bo‘lsa, chiqindilarni alohida yig‘ishni joriy etish mumkin. Ba’zi mamlakatlarda, masalan, noto‘g‘ri tashlab yuborilgan sigaret qutisi yoki qog‘ozga katta miqdorda jarimalar solinadi, boshqa tomondan, fuqarolarni chiqindilarni saralashga undash maqsadida, rasmiylar ularni olib chiqish xarajatlarini kamaytiradi.

2012 yili Moskvada chiqindilarni alohida yig‘ish bo‘yicha tajriba o‘tkazildi. Ko‘p qavatli uylar hovlisida qog‘oz, plastmassa, shisha va metall chiqindilarga “foydali chiqindilar” uchun shaffof to‘rli idishlar o‘rnatildi. Tajriba yaxshi samara berdi va uning ko‘lamini kengaytirishga qaror qilindi. Endilikda bu shahardagi  deyarli har bir uy hovlisida o‘zining shaffof chiqindi qutilari bor.

Chiqindilarni saralashning ahamiyati – saralanadigan chiqindilar ulushini ko‘paytirib, qattiq chiqindilar poligonlari maydonini kamaytirishdan iborat. Muammo shundaki, hayotimizning ajralmas qismiga aylangan chiqindilarni chiqindixonaga yuborish texnologiyasini o‘zgartirish zarur. Shu sababli  aholi turar va noturar joylarda QMCHni saralash tizimini joriy yetish, ularning hosil bo‘lishi oldini olib poligonga ko‘mish uchun yo‘naltiradigan chiqindi hajmini qisqartirish lozim.

Respublikada saralab yig‘ishda jamoatchilik ishtiroki past darajada bo‘lib, bu aholining ekologik madaniyati yetarli rivojlanmaganidan dalolat beradi. Qattiq maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish ko‘nikmasini shakllantirish va kuchaytirish talab etiladi. Bunday chiqindilarni boshqarish masalasiga aholi va jamoatchilikning munosabatini o‘zgartirish kerak: chiqindilarni yig‘ishtirishni to‘g‘ri tashkil etish jamiyatga ham, tabiatga ham naf keltiradi.

Chiqindilar mikdorini kamaytirishga imkon beradigan texnologiyani keng qo‘llash va chiqindilarni eng ko‘p darajada qayta ishlab chiqitga chiqarishni maksimal kamaytirishni amalga oshirish, ularning atrof tabiiy muhitga zararli ta’sirining oldini olishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, chiqindilarni saralashning asosiy maqsadi atrof-muhit ifloslanishi oldini olishdir.Qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish tizimini tatbiq etish bilan bir qatorda, quyidagi ustunliklarga ega bo‘lgan iste’mol qadoqlash buyumlari (taralar)ning depozit tizimini joriy etishga tayyorgarlik boshlanadi:

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, saqlash, tashish va ko‘mish bilan bog‘liq xarajatlar kamaytiriladi;
           
Poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilarning hosil bo‘lishi va to‘planish hajmi kamayadi;
            
Ikkilamchi moddiy resurslarni yig‘ish hajmi va ularni xo‘jalik aylanmasiga jalb qilish oshiriladi;

Xomashyoni sotishdan olinadigan daromad ham ko‘payadi;

Maishiy chiqindilarni saralash yer resurslarini tejash imkoniyatini beradi.

 

Аbdusattorov Javlonbek Аbdupatto oʼgʼli

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi.

https://t.me/Javlonbek_Abdusattorov

 


Foydali manbalar