O‘zbekistonning rasman eng baland nuqtasi — Hazrati Sulton cho‘qqisi (4643 metr) atrofida yana bir nechta cho‘qqilar borligi, ular orasida nom qo‘yilmaganlari ham ko‘pligi, ba’zilariga hali odam oyog‘i yetmagani haqida eshitgan edim. Pomir-Oloy tizmalarining Hisor tog‘larida joylashgan ushbu cho‘qqilarni zabt etish orzum bor edi.
Dengiz sathidan 3500 metr balandgacha joylashgan Arashan ko‘llariga sayohat paytida Davlat Ekologiya qo‘mitasining Hisordagi Nomsiz cho‘qqiga ekspeditsiya uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida xabardor bo‘ldim. O‘tgan haftada qo‘mitadan telefon qilib ekspeditsiyaga taklif qilishdi. Rejalashtirgan ishlarim ko‘p edi. Rad etib ham bo‘lmaydi — bunaqa imkoniyat kamdan kam bo‘ladi: cho‘qqi qo‘riqxona hududida joylashgan, u yerga faqat ilmiy xodimlar va maxsus ruxsat bilan kirish mumkin xolos. Ishlarimni qayta rejalashtirdim-da, safarga tayyorgarlikni boshladim.
6 avgust kuni saxar Toshkentdan Shahrisabzga yo‘lga tushdik. Kitob dovoni karantin sabab yopilgan ekan. Aylanib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Shahrisabzda bizni Hisor davlat qo‘riqxonasi direktori G‘iyos aka Yangiboev kutib oldi. Mendan tashqari “Dunyo bo‘ylab” va “O‘zbekiston 24” telekanallari xodimlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika va Zoologiya instituti ilmiy xodimlari ham yetib kelishgan ekan. Bu yerdan Ekologiya qo‘mitasi va qo‘riqxona xodimlari ham qo‘shilib, tog‘ tomon yo‘lga chiqdik.
Makedonskiydan «qizil qayroqi»gacha
Tog‘ yo‘liga ancha muncha avtomobil dosh berolmaydi. Shuning uchun 4x4 Niva va UAZlarda yo‘lni davom ettirdik. Buguncha so‘nggi manzilimiz — G‘ilon qishlog‘i.
G‘ilon qishlog‘i haqida avval qishda 1 metr qor yog‘ib, yo‘l yopilib qolgani haqida xabar chiqqanda, so‘ng etnoturizmni rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori chiqqanda bilgan edim. O‘shanda yurtimizda shunaqa so‘lim qishloqlar bor ekanu, bilmay yurganimni qara, deb o‘zimni koyigandim.
G‘ilon qishlog‘i Shahrisabzdan 85 km masofada joylashgan. Shahardan toqqa borgan sayin tabiat go‘zallasha boradi. Soya-salqin Miraki qishlog‘idan o‘tib, Hisorak suv ombori boshlanadi. Suv omboriga Oqsuv daryosi kelib qo‘shiladi. Hisorak qishlog‘idan yuqoriga qarab yurilsa, Ko‘l va G‘ilon qishloqlariga boriladi. Yo‘lning shu qismi deyarli asfalt qilinmagan, talabga javob bermaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 martdagi “Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida G‘ilon va Ko‘l qishloqlarida etnoturizm yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilangan. Unga ko‘ra, G‘ilon va Ko‘l qishloqlariga olib boruvchi yo‘llarni takomillashtirish 2019 yil avgustda bajarilishi ko‘rsatilgan. Yo‘lning holatini ko‘rib, qaror qog‘ozda qolib ketganiga amin bo‘ldim.
G‘ilon qishlog‘iga hali kirmasdan yo‘l chetida somon va hashak maydalaydigan texnikalar ishlab turibdi. Uni yuk mashinasiga yuklab, yana qishloqqa olib borisharkan. Keyinchalik bilsam, aholi qishloq ichida somon va hashak changlari tarqalib, qishloqdoshga ozor bermasin deb, atay qishloq ichidagi pichanlarni tashqariga olib chiqib, maydalab, so‘ng G‘ilonga olib kirisharkan.
Qishloqqa kirishda ilk ko‘zga ko‘ringani mahalliy aholining karantin postini nazorat qilishi bo‘ldi. Mahalliy aholi vakillari navbat bilan qishloqqa kiradigan yagona yo‘lda shlagbaum orqali keladiganlarni nazorat qilisharkan.
Qishloq bo‘ylab ketarkanmiz, barchaning — qariyu yosh, erkagu ayolning tibbiy niqobda ekani ajablantirdi. Qishloqning eng yuqori qismiga yetguncha bironta ham niqobsiz kishini uchratmadik. Hatto tog‘dan tushayotgan cho‘ponlar ham niqobda edi. Uy hovlisida yurganlar ham niqobda.
Bironta SES yoki ichki ishlar xodimi ko‘rinmaydi. Tog‘da toza havo bo‘lsa, tekshiradigan odam bo‘lmasa, nega hamma niqobda ekani qiziq tuyuldi. Keyin surishtirsam, qishloq ahli koronavirus infektsiyasini o‘zlariga yo‘latmaslik uchun hammalari birdamlikda karantin qoidalariga rioya etishga kelishishgan ekan. Ilk taassurotdanoq qishloq odamlarining ahilligiga tan berdim.
Ayrim tarixchilar qishloq nomini eroniy tilli xalqlarning gel degan qabilasiga bog‘lashadi. G‘ilon “Gel+on” — gellar, gel qabilasiga mansub aholi tarzida izohlanadi. Eronda Gilon viloyati bor. Gilon viloyatini Amir Temur va temuriylar bosib olgan. Shuningdek, G‘ilonni mashhur mutasavvuf Abdulqodir Giyloniy nomi bilan bog‘laydiganlar ham bor.
G‘ilonda 6 mingdan ko‘proq aholi yashaydi. Qishloq aholisi tojikzabonlardir. Aholining yuz tuzilishiga qaraydigan bo‘lsak, ular orasida ko‘k ko‘z va mallasochlari, yunonlar va forsiylarga o‘xshaydiganlari ham ko‘p. Ayrim tarixchilarning fikricha, Aleksandr Makedonskiy O‘rta Osiyoni bosib olishda bu qishloqdan ham o‘tgan va uning ba’zi askarlari hududda qolib ketgan. Amir Temur Erondagi Gilonni bosib olgandan so‘ng u yerdagi ba’zi aholining bu hududlarga kelib qolgani ehtimoli ham mavjud.
Shuningdek, qishloq nomi so‘g‘d tilidagi “g‘ilink”, fors tilidagi “g‘alang” — ulkan toshlar uyumi nomidan kelib chiqqan degan faraz ham mavjud. G‘ilon qishlog‘i osmono‘par Hisor tog‘lari bag‘rida, atrofi ulkan cho‘qqilar bilan o‘ralgan.
Dengiz sathidan 2250 metr balandda joylashgan G‘ilon qishlog‘idagi deyarli barcha uylar sinchdan, ikki qavatli qilib solinarkan. Sinch orasidagi yog‘ochlar juda zich. Asosan terak yog‘ochidan bo‘ladigan sinch devorlari orasi yarim g‘ishtdan kichikroq xom guvala bilan to‘ldirilib, isitgich material qo‘yilib, ustidan gipsokarton qoqilarkan. Shu bois tashqarida sovuq bo‘lsa ham, uy ichidagi harorat issiq saqlanarkan.
Aholi zich joylashgani, bir-biriga ishonchi kuchliligi yoki tog‘da noqulaylik sababidanmi hovlilar devorsiz. Biz tushgan xonadon egasi 30 chog‘lik kishini mehmon qildi.
Qishloq aholisi asosan bog‘dorchilik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ko‘pchilik «qizil qayroqi» navli kartoshka ekadi. Shuningdek, olma, gilos, nok, yong‘oq yaxshi o‘sadi. Olmani maxsus omborlarda kelgusi yilning iyun oyigacha saqlaydiganlar ham bor. Avgust oyi bo‘lishiga qaramay qishloqda gilos va o‘riklar endigina pishibdi. Olmalar hali pishmagan.
Qishloqqa qish erta keladi. Bahor ham kechikadi. “Bu yil 15 may kuni ham qalin qor yog‘di” deydi bizni xonadonida mehmon qilgan Ismoilbek. Shahrisabz tumani hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, bu yil fevral oyida Ko‘l va G‘ilon qishloqlariga olib boruvchi 16 kilometrlik yo‘l 1 metr qor ostida qolgani uchun buldozerda yo‘l ochib chiqilgan.
G‘ilonliklar uzun umr ko‘radi: qishloqda 200 nafardan ortiq 80 yoshdan, 60 nafardan ortiq 90 yoshdan oshganlar istiqomat qiladi. Yuzdan oshgan nuroniy otaxon va onaxonlar ham bor. Qishloq ahli orasida bironta semiz kishini ko‘rmadim. G‘ilonliklar juda mehnatkash, serharakat odamlar. Toza havodan nafas oladi, tog‘ muzliklaridan keluvchi toza suvdan ichadi, o‘z mehnati evaziga yetishtirgan tabiiy sabzavot, meva-cheva va bug‘doydan iste’mol qiladi. Shu bois uzoq yashaydi.
Bugun qishloqda qoldik. Umrimda ilk bor tashqarida chodirda (palatkada) yotdim. Ko‘nika olmadim. Uxlashim qiyin bo‘ldi.
Ayiqlar, qoplonlar va qoratoshlar vodiysi
Saxar choy ichib bo‘lgach, asosiy maqsadimiz – cho‘qqilar sari yana yo‘lga chiqdik. Qishloqdan mashinada bora olinadigan so‘nggi manzilgacha 8 km masofa bor. Aholi dengiz sathidan 2500 metr balandlikdagi tog‘larni o‘zlashtirgan. U yerga asosan kartoshka va bug‘doy ekiladi. Shu bois tog‘lar oralab mashina yura oladigan yo‘l qilingan. Torgina bu tog‘ yo‘lida hatto ZIL va KAMAZlar yuribdi. Bu yerda dehqonchilik mavsumi may oxiridan boshlanib, sentyabrgacha davom etadi. Keyin qalin qor tushgani sabab chiqib bo‘lmay qoladi.
Yo‘l bo‘yi atrofdagi go‘zallikni ko‘rib, mashinaning tog‘ yo‘lida chayqalishi ham sezilmaydi. Bu yerlarga bahor endi keldi. Har yer ko‘m-ko‘k, gullar ochilgan.
Mashina yetib boradigan oxirgi manzildan, dengiz sathidan 2800 metr balandlikdan Hisor davlat qo‘riqxonasining G‘ilon bo‘limi boshlanadi. Shu yerda mashinalarni qoldirib, yuklarni ot va eshaklarga ortib, o‘zimiz piyoda ketadigan bo‘ldik. Cho‘qqi ostonasigacha taxminan 8 km bor. Lekin tog‘dagi 8 km tekislikdagidan ancha farq qiladi. Buguncha cho‘qqi ostonasidagi ko‘lgacha yetib olib, shu yerda chodir tikib, ertaga cho‘qqini zabt etishni rejalashtirdik.
Daryo vodiysi bo‘ylab yuqorilaydigan bo‘ldik. Safarimiz unchalik baland bo‘lmagan tepaliklardan boshlandi. Oyog‘im ostidan chiqqan eng birinchi hayvon ilon bo‘ldi. Ustimizdan burgut va lochinlar uchib o‘tdi. Tekisroq yo‘llar tugab, toshli baland so‘qmoqlar boshlandi.
Bu tog‘larda eng ko‘p uchraydigan jonivor sug‘urlar bo‘lib, toshlar orasi va tog‘ning tuproqli qismida yerni qazib in qurib olgan. Avvaliga qushlar sayrayapti-ku, o‘zini hech ko‘rmayapman debman. Bu aslida sug‘urning ovozi ekan. Sug‘urlar toshga chiqib, ikki oyog‘i bilan tikka turib, sayragandek ovoz chiqararkan.
Sug‘ur tanasining uzunligi 60 sm cha, dumi 20 sm cha, og‘irligi 3—9 kg gacha bo‘ladi. Hisorda sug‘urning uzun dumli qizil turi juda ko‘p. Uning uyasi 3 m cha chuqurlikda, 8 m cha uzunlikda bo‘larkan. Yog‘i va mo‘ynasi qadrlanarkan. Ko‘k sug‘urlar Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi ro‘yxatiga va O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.
Hisor davlat qo‘riqxonasi Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlari hududida, Hisor tog‘ tizmasining g‘arbiy yonbag‘irlarida, dengiz sathidan 1750 metrdan 4663 metrgacha balandlikda joylashgan. Qo‘riqxona Surxondaryo viloyati va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.
Hisor davlat qo‘riqxonasi Qizilsuv (1975) va Miroqi (1976) qo‘riqxonalari negizida tashkil qilingan (1983). Maydoni 81000 gektar. Uning butun hududi sharqdan g‘arbga 37 km, shimoldan janubga 90 km ga cho‘zilgan.
Qo‘riqxonada o‘simliklarning 970 ta turi, qushlar va hayvonlarning 140 dan ortiq (qor qoploni, turkiston silovsini, qo‘ng‘ir ayiq, burgut, oq boshli qumoy, itolg‘i, qora laylak va b.) turi mavjud.
Muzliklardan erib tushayotgan daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tish muammo tug‘dirdi. Daryo kengayib oqqan, o‘tish joyi yo‘q. Otlar amallar o‘tib ketdi. Biz esa toshdan toshga sakrab o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Ikki kishi suvga yiqilib, kiyimlari ho‘l bo‘ldi. Shu yerda ancha qolib ketdik. Yaxshiyamki havo hali issiq bo‘lib, kiyimlarni quritib olish imkoni bo‘ldi.
Uzoqdan ikki cho‘qqi orasidagi muzliklardagi suv erib sharshara bo‘lib tushayotganini ko‘rib, kichikroq shalola ekan-da, deb o‘ylagandim. Unga yaqinlashgan sari kattagina sharshara ekanini ko‘rdim. Suv 30 metrlar yuqoridagi muzliklardan erib, toshlarga urilib kattagina sharshara hosil qilarkan. Pastdan yaqin ko‘ringani bilan oldigacha chiqib borish mashaqqat bo‘ldi. Lekin dengiz sathidan 3500 metr balandlikda joylashgan bu sharsharani yaqindan ko‘rish, uning shabadasida dam olish maroqli edi.
Shu tog‘ orqali yonlab ketishni rejalashtirgan edik. Lekin pastdagilar orqaga qaytishga ishora berishdi. Biz yuqorida ekanimiz bois ovoz bizgacha kelmaydi. Tushlik vaqti bo‘lib qolgani uchun daryoning narigi qirg‘og‘iga qozon osishibdi. Yana daryoning boshqa tarafidan silliq toshlardan sakrab o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu safar o‘ng oyog‘im suvga tushib, oyoq kiyimimni ho‘l qildi.
Tushlikdan so‘ng yana yuqorilab, yo‘lga tushdik. Ekspeditsiyaning ko‘pchilik a’zolari daryodan o‘ta olmagani bois boshqa yo‘ldan ketishga qaror qildik. Yo‘lboshchimiz Karim aka g‘ilonlik. O‘zi qo‘riqxonada ishlaydi. Juda abjir, haqiqiy tog‘ odami.
Tog‘ xalqining “hayla”si bilan hisob-kitob qilib bo‘lmas ekan. “Manzilga qancha qoldi?” deyman. “Hayla, shu tog‘ning orqasiga” deydi Karim aka. Uning “hayla”si kamida 2 kilometr bo‘ladi. Sizga uzoqdan ko‘ringan tepalikning ortida esa yana tepaliklar bo‘ladi.
Dengiz sathidan 3000 metrdan oshgandan so‘ng daraxt o‘smaydi, o‘tin yo‘q. Faqat o‘simlik va giyohlar o‘sadi. Uzoqdan o‘ynab yurgan sug‘urlar ko‘rinadi, ularning ovozi eshitiladi.
Mendagi tajribaga ko‘ra, toqqa chiqqanda yo‘lda ko‘p dam olib qolmaslik kerak. Ozroq dam olib, so‘ng yana yo‘lga tushish kerak. Ozroq bo‘lsa ham yurish kerak. Bo‘lmasa sovib qolib, o‘zingizda charchoq his qilasiz. Qizib turgan holda to‘xtamaslikka harakat qilaman. Shu sabab sheriklardan oshib ketibman. Yo‘l boshlovchilar aytgan hudud – nisbatan tekisroq, chodir tiksa bo‘ladigan joyga yetib keldim, deb o‘yladim.
Katta toshlar orasida daryoning hovuz joyi bo‘lib, atrof sug‘urlar uyasiga to‘la. Har qalay katta toshlar orasida ozroq tuprog‘i bor, tekis joy shu ekan. Dengiz sathidan balandlik 3200 metr. Ikkala tarafimizni cho‘qqilar o‘rab turibdi. Sal teparoqda shamol va yomg‘ir yog‘ayotgandi. Bu yerda shamol ham yo‘q. Chodir tikish uchun ideal joy.
Soyga chiqib, yaxshilab tahorat qilib oldim. Suv muzday. 20 soniyadan ortiq tutib bo‘lmaydi. Sheriklar ham asta-sekin tusha boshlashdi. Bugun shu yerda qoladigan bo‘ldik. Asrdan keyin havo soviy boshladi. Issiq kiyimlarni kiya boshladik. Shomga yaqin havo harorati 9 gradusga tushdi. Kurtkamni va shapkamni kiyib oldim.
Shomgacha ovqatlanib olib, asosiy kuchni ertaga saqlash uchun kelishildi. Ba’zilar chodirda, ba’zilar tashqarida maxsus harbiy ko‘rpada yotadigan bo‘ldi. Kechasi yana sovuq bo‘ldi. Deyarli uxlolmadim.
Kechagi 12 dan so‘ng Oy ustimizga kelarkan. Atrof yop-yorug‘. Yulduzlar tiniq, qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigandek ko‘rinadi. Tashqarida yotgan sheriklardan biri chinqirdi. Yo nimadir chaqdi, yo sug‘urmi, biron hayvon yuzini yalab ketdi.
Yarim kechasi otlar qattiq kishnadi. Yirtqichning ovozi eshitilganday bo‘ldi. Bu yerlarda bo‘ri bo‘lmas ekan. Katta yirtqichlardan ayiq va qor qoploni bo‘larkan. Ertalab toqqa chiqib ketayotib ko‘rdik: chodirlarimizdan 50 metr uzoqlik va 20 metr yuqorida ayiq izlari va hali qurimagan axlatiga duch keldik. Kechasi ayiq kelgan va aftidan bizni kuzatgan, lekin pastga tushishga qo‘rqqan.
G‘ilon qishlog‘i ahlining aytishicha, so‘nggi yillarda tog‘dan ayiq tushishi holatlari ko‘p kuzatilmoqda ekan. Birinchi kecha tunagan xonadonimizdagi gilos mevalarini ham ayiq yeb, daraxtni tirnab ketibdi. Yaqinda qishloqdagi xonadonlardan biriga ham ayiq tushgan, bexosdan chiqib qolgan ayollarni quvlabdi. Yo‘lboshlovchimiz Karim akaning cho‘pon o‘g‘li aytishicha, kechasi ayiq qo‘ylarga hujum qilyapti ekan. “Bo‘ridan ko‘ra ayiq yaxshiroq. Ayiq bitta qo‘yni bo‘g‘izlaydi-da, olib ketadi. Bo‘ri bo‘lsa, birdaniga o‘ntagacha qo‘yni bo‘g‘izlashi mumkin” deydi cho‘ponlardan biri.
Nomsiz cho‘qqini ko‘zlab
Kechasi ko‘pchilik uxlolmadi shekilli. Hamma saxarlab turib oldi. Biz turgan dara Kunko‘rmas deb atalarkan. Darhaqiqat, soat 10-11 largacha bu yerda kun ko‘rinmas ekan. Havo sovuq. Kurtkada ham sovuq tanani junjiktirdi.
Nonushta qilib bo‘lingach, cho‘qqi tomon yana yo‘lga tushdik. Oldimizda ikki kilometrlik tog‘ yo‘li bor. Oramizdan hech kim Nomsiz cho‘qqining aynan qaysi ekanini bilmas, cho‘qqi ostonasidagi ko‘l biz uchun mo‘ljal edi. Shunga ko‘ra, xaritalardagi ma’lumot bo‘yicha cho‘qqini topa olamiz.
Sovib qolmaslik uchun yo‘lda dam olishdan voz kechib, boshqalardan yana oldinga o‘tib olgandim, yo‘lboshlovchimiz qat’iy ogohlantirdi: “bu yerlarda qoplon ov qiladi”. Qo‘riqxona xodimi har ehtimolga qarshi qurolini o‘qlab oldi. Darhaqiqat, yo‘lda qoplon, ayiq va kiyik izlarini ko‘rdik.
Kunko‘rmas darasi ortda qolib, To‘rtqo‘ylik darasiga ko‘tarila boshladik. Tog‘ning ayrim qismlarida hali ham qor erimagan, ba’zan qor ustidan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Atrof granit va oq marmar toshlarga to‘la. Katta-katta granit toshlar xuddi arra bilan bo‘lingandek tep-tekis.
Katta-katta xarsang toshli dovondan o‘tib tekislikka duch keldik. Qiziq, dengiz sathidan 3600 metr balandlikda, cho‘qqilar orasida taxminan 1 gektar tekis maydon bor ekan. Tekislikning narigi chekkasi ko‘lga ulanib kelgan. Ko‘lning shundoq tepasi abadiy muzliklar va tog‘ cho‘qqilari. Muzliklardan erib tushgan suv shu yerda yig‘ilib, daryo bo‘lib pastga tushib ketadi.
Karim aka tezroq ko‘lga yetib olsak, kiyiklar suv ichgani tushadi, ko‘rishimiz mumkin degandi. Qaydam, uzoqdan hidimizni bilib, qochgan shekilli. Lekin ko‘l bo‘yida yangi izlari turgandi.
Tekislik bo‘lgani, 3 tarafi yopiqligi uchun bu yerda yuqoridan muzday shamol urarkan. To‘xtagan joyimizda ko‘pchilik sovqotib qoldi. Yo‘lboshchilar birinchi kuni shu yergacha kelib, ko‘l bo‘yida chodir tikishni rejalashtirishgan edi. Yaxshiyam unday qilmabmiz. Bu joy pastdagi lagerimizdan ko‘ra ancha sovuq va shamolli ekan.
Kattalar ham yetib kelishgach, xaritalarga qarab cho‘qqini aniqlash va chiqish rejasini tuzish bo‘yicha maslahat qilindi. Xaritaga ko‘ra, Nomsiz cho‘qqi ko‘lga yuzlangan paytda chap tarafdagi cho‘qqi bo‘lib chiqdi. Lekin bu bizga ko‘rinib turgan cho‘qqimi, undan keyingisimi bilib bo‘lmasdi. Bizga ko‘ringan cho‘qqiga chiqmasdan aniq bir narsa deyish qiyin.
Hali bu cho‘qqiga hech kim chiqmagan, hatto qo‘riqxona xodimlari ham. Ko‘lgacha ham qo‘riqxona xodimlaridan boshqa hech kim kelmagan. Chunki, chorva keltirib bo‘lmaydi, atigi bir oy yerlar yashil bo‘lib, so‘ng yana qor tushadi.
Tog‘liklarning taxminiy rejasiga ko‘ra, tavakkal ko‘tariladigan bo‘ldik. Fotihadan so‘ng 8 nafar yoshlar chap yonlab cho‘qqiga ko‘tarilishni boshladik. Bu avvalgi tog‘lar va ko‘tarilishlardan keskin farq qilar, chunki toqqa chiqadigan yo‘l yoki so‘qmoqning o‘zi yo‘q edi. Birdaniga balandlab ketgan tog‘ yo‘lida avval katta xarsanglardan o‘tishga, so‘ng shag‘alli-toshli joydan ko‘tarilishga to‘g‘ri keldi. Deyarli emaklab chiqdik.
Tepada kerak bo‘lib qolar deb, 6-7 kilolik ryukzagimni ham ilvogandim. Yuqoriga ko‘tarilishda yaxshigina xalaqit qilarkan. 6-7 kilo xuddi 20-25 kilolik bosim berarkan. Bu yerda pastdagi sovib qolmaslik uchun dam olmasdan yurish qoidasi ish bermadi. Keskin nishablikda 20-25 metr ko‘tarilarkan, dam oldik, nafas rostladik.
Ko‘ldan 300 metr yuqorida yana xarsang toshli yo‘l chiqdi. O‘ng tomonimiz abadiy muzliklar. Muz va qor ustidan ham kesib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bunisi ham xavfli: eriyotgan muz va qorning qalinligini bilib bo‘lmaydi. Qor ostida qanday tosh borligini ham. Avval bir oyoqda yaxshilab qorni bosib, mustahkamlab, so‘ng ikkinchi oyoqni bosish kerak.
Toqqa keskin ko‘tarilish ko‘pchilikning madorini quritgan, buning ustiga suvimiz tamom bo‘lgan edi. Muzni idishga solib eritmoqchi bo‘ldik, sovuq bo‘lgani uchun erib ulgurmadi. Yana biroz ko‘tarilganimizdan keyin xarsangtosh orasidagi muzlar erib, suv tomchilayotganini ko‘rdik. Shu yerda turib, maza qilib suv ichdik. Idishlarga ham olvoldik.
Yo‘lboshchimiz Karim aka allaqachon cho‘qqining o‘tish mumkin bo‘lgan kichik darasi tomon ketib bo‘lgan, biron yaxshiroq yo‘l topilsa, xabar beraman degandi. Yarim soatlardan keyin yuqoridan baqirib qoldi: “Kelaveringlar, bu yerda yo‘l bor ekan, qarshimda yana 15 ta cho‘qqi ko‘rinyapti!”.
Karim aka turgan joygacha borish yo‘lning eng xavfli qismi edi. Pastga qarasangiz — muzlik. Yuqoridan tushgan katta-katta toshlar xuddi muzda uchgandek, pastda aylana hosil qilgan. Nishablik yuqori, o‘tadigan yerimiz shag‘al toshli bo‘lgani uchun ehtiyotkorlikni qat’iy oshirish kerak. Istalgan paytda yuqoridan tosh yumalashi mumkin.
Birga yurib bo‘lmaydi. Orada 5 metr masofa saqlash kerak. Chunki yurayotganingizda qimirlagan tosh orqadagi yo‘ldoshingizga zarar yetkazishi mumkin. Bunda ham xuddi qorni bosib mustahkamlagandek, shag‘alli qismni oyoq kiyimingiz yon tarafi bilan bosib, yo‘l ochib, qo‘lingiz bilan albatta biron mustahkamroq toshni ushlab olib, keyin o‘tish kerak.
Shag‘alli yo‘l tugab, yana toshli qism boshlandi. Biz allaqachon dengiz sathidan 4000 metr balandlikda edik. Havo ancha soviy boshlagan, atrofni qora bulut qoplagandi. Pastdagi ko‘l allaqachon ko‘rinmay qolgan, atrofdagi cho‘qqilar yanada ulug‘vor ko‘rinardi. Pastga qararkanman, qanday tushish haqida o‘ylardim. Amallab, emaklab bo‘lsa-da chiqib oldik, tushishimizni ham oson qilsin deb tilardim.
50 metr yuqorilaganimizdan so‘ng bir tog‘ning ikki cho‘qqisi orasida xuddi darvozadek (tog‘ toshlari shamol ta’sirida ajib ko‘rinishga kelgan, birini sherga o‘xshatdim) dara chiqdi. Shu yerdan tog‘ning narigi tarafiga o‘tib oldik. Narigi tarafda qattiq shamol, muzli qor yog‘ayotgan edi.
U taraf umuman boshqacha, to‘rt tarafingiz ham osmono‘par cho‘qqilar. Biz turgan joyga ham bulut tushib olgan, yuzimizga shamol va qor urilardi. To‘g‘rimizdagi cho‘qqiga esa allaqachon qor tushgan (balki erimagan), o‘rta qismi xuddi oynadek yaxmalak. Juda baland va keskin nishab. Oddiy usul bilan chiqishning imkoni yo‘q. O‘zimcha, eng baland cho‘qqi shu bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
Dengiz sathidan 4100 metr balandlikdan Hazrati Sulton (kunga qaragani uchun hali qor o‘rnamabdi), Xo‘ja Kirshavor, To‘rtqo‘ylik, Bibi-O‘lmas cho‘qqilari, Surxondaryo tarafdagi Xo‘japirpir ota, Xo‘japiryak va Osmon talash cho‘qqilari, Severtsev va Botirboy muzliklari ko‘rinib turibdi. Yonma-yon qad ko‘targan bu cho‘qqilarning soni yettita bo‘lib, mahalliy aholi yetti aka-uka deb nomlarkan.
Qo‘riqxona xodimlari va tasvirchi yigitlar biz turgan cho‘qqining eng yuqorisiga O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ini o‘rnatish uchun chiqib ketishdi. Ular bayroqni o‘rnatgan nuqta dengiz sathidan 4386 metr balandlikni ko‘rsatdi.
Ba’zida “qiynalib, shu toqqa chiqib, nima foyda?” deb savol berishadi. Bundagi go‘zallikni ko‘rmaguncha foydasini bilish qiyin. Ko‘rgandan so‘ng ta’riflash undanam qiyin. Multfilmda aytadi-ku, “Atrofning go‘zalligini qara, Tutsi!”. Inson qiynalib, qancha yuksakka ko‘tarilgani sayin o‘zining ojizligini his qila boshlaydi. Tafakkur qiladi, har nafas Yaratganni eslaydi, Undangina najot so‘raydi.
Bundan tashqari, toqqa chiqish inson organizmi uchun koni foyda. Yurak urishi tezlashadi, o‘pka faollashadi. Natijada qon aylanib, yetib borolmagan kichik kapilyarlar ham qonga to‘lib, inson tetiklashadi.
Cho‘qqidan tushish jarayoni o‘ylaganimdan osonroq kechdi. Tog‘ning bu tarafiga yomg‘ir yoqqan, tosh va shag‘al sirpanchiq bo‘lib qolgandi. Ehtiyotkorlikni maksimum darajada oshirish kerak. Agar chiqishda orqamdagi ryukzagim xalaqit bergan bo‘lsa, tushishda muvozanatni saqlashga yordam berdi.
Tushishda unchalik charchamadik. Shag‘alli qismdan o‘tish qiyinroq bo‘ldi. Muzlikdan o‘tgandan keyingi shag‘alli hududda pastga qulashimga oz qoldi. Yaxshiyamki, bir toshni ushlab qoldim. Chap oyog‘im biroz qayrildi. Endi bu yog‘iga har bir toshga o‘ylab qadam qo‘yadigan bo‘ldim.
Ko‘ldan 2 kmlik masofa va 700 metrlik balandlikdagi cho‘qqiga chiqish uchun 4 soat sarflagan bo‘lsak, tushishga 2 soat ketdi. Yo‘lda yana yomg‘ir yog‘di.
Yaxshiyamki, pastda palatkalarni tayyorlab qo‘yishgan ekan. Ichiga kirib, ryukzak orqasida ho‘l bo‘lib ketgan kiyimlarimni almashtirib oldim. So‘ng ko‘lga tushib, muzday suvda tahorat qilib, qandaydir ichki xotirjamlik ila, shu yerdagi maydonda azon aytib, peshinni o‘qib oldim.
Orada yana yomg‘ir savalab berdi. Chodirni cho‘qqidan tushgan sheriklarga bo‘shatib, katta xarsang tosh ostida yomg‘irdan panaladik.
Maqsadga erishildi. Bayroq tikildi. Xotirjam tarzda pastdagi lagerimizga tushib keldik. Yigitlar pastdan o‘tin topib kelishgan ekan. Maza qilib choy ichdik. Asrdan keyin ustimizdan 20 metr tepadan bulutlar o‘tib ketdi.
Hamma charchagan, yana yomg‘ir boshlanib qoldi. Chodir ichiga kirib ketdik. Kechasi bilan yomg‘ir yog‘ib chiqdi. Yaxshiyamki, bizning palatkamiz 2 qavatli ekan. Suv deyarli o‘tmadi. Bir qavatli chodirda yotganlar qiynalishibdi.
Saxar turib, 5 km pastdagi mashinalar turgan joyga piyoda yo‘l oldik. Chiqishda yo‘lboshlovchilar tekisroq va uzunroq yo‘ldan olib chiqishgan ekan. Qaytishdan toshli bo‘lsa-da, daryo bo‘ylab yaqin yo‘ldan keldik.
Pastga tusharkanmiz, qish bahorga, bahor yozga ulandi.
Yana bu go‘zal tog‘larga qaytish umidi ila, sershovqin shahar sari yo‘l oldik.
Toshkent – Shahrisabz – Hisor
6-9 avgust, 2020 yil
Davronbek Tojialiev
Manba: https://sof.uz/post/bulutlar-oralab-ozbekistonning-eng-....
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati