O‘zbekistonda AES bo‘yicha oshkor etiladigan materiallarning jamoatchilik muhokamalarini tashkil qilish tartibi tasdiqlanadi
24.
06. 2020
11:11
6044
Yangiliklar

O‘zbekistonda atom elektr stantsiyasini barpo etish va undan foydalanishning atrof muhitga ta’sirini baholash materiallarini oshkor qilish tartibi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining «O‘zbekiston Respublikasida atom elektr stantsiyasini barpo etish va undan foydalanishning atrof muhitga ta’sirini baholash materiallarini oshkor qilish, ularning jamoatchilik muhokamalarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasida atom elektr stantsiyasini barpo etish va undan foydalanishning atrof muhitga ta’sirini baholash materiallarini oshkor qilish, ularning jamoatchilik muhokamalarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u O‘zbekistonda atom elektr stantsiyasini barpo etish va undan foydalanishning atrof muhitga ta’sirini baholash materiallarini oshkor qilish, ularning jamoatchilik muhokamalarini tashkil qilish tartib-tamoyillarini belgilaydi va mazkur yo‘nalishni tartibga soladi.

Nizomni amalga oshirish:

fuqarolarning qulay atrof tabiiy muhitda yashash, atrof muhit holati va uni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish qonuniy huquqlarini kafolatlashga;

rejalashtirilgan faoliyatning jamiyat uchun nomaqbul bo‘lgan ekologik va ular bilan bog‘liq ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa oqibatlarini aniqlash, ularning oldini olish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish va qabul qilishga;

potentsial ekologik muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni erta bosqichda hal qilishga qaratilgan.

Jamoatchilik muhokamalarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin.

Jamoatchilik muhokamasi tamoyillari:

oshkoralik;

atrof muhitga ta’sirlar to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumotni taqdim qilish;

jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor qilish;

manfaatdor jamoatchilik ishtirokini ta’minlash;

atrof muhitga ta’sirni baholash materiallari bilan tanishish uchun imkoniyatlar yaratish;

qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikrlarini hisobga olish.

Rejalashtirilgan faoliyat bo‘yicha hujjatlar maxfiy ma’lumotlar sifatida tasniflanishi mumkin bo‘lgan taqdirda, buyurtmachi oshkoralik tamoyiliga muvofiq maxfiyligiga zarar yetkazmasdan, barcha manfaatdor tomonlarga to‘liq va ishonchli ma’lumotni o‘z vaqtida olish hamda fikr va mulohazalarni bildirish imkoniyati bergan holda atrof muhitga ta’sirni baholash materiallarining texnik xususiyati bo‘lmagan rezyumesini tayyorlaydi.

Jamoatchilik muhokamasini tashkil etish tartibi:

jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishga tayyorgalik;

jamoatchilik muhokamasi boshlanishini e’lon qilish;

jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish;

jamoatchilik muhokamasi bo‘yicha xulosa chiqarish va uning natijalari to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishni o‘z ichiga oladi.

Atrof muhitga ta’sirni baholash materiallarining jamoatchilik muhokamasi atom elektr stantsiyasini joylashtirish, qurish, undan foydalanish uchun maydoncha tanlash bosqichida o‘tkaziladi. Jamoatchilik muhokamasi jamoatchilik eshituvi shaklida va atrof muhitga ta’sirni baholash materiallariga manfaatdor jamoatchilik o‘z izohlarini jamoatchilik muhokamasi koordinatoriga jo‘natish orqali o‘tkaziladi. Jamoatchilik muhokamasi muddati 20 kalendar kunidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Atrof muhitga ta’sirni baholash materiallari jamoatchilik muhokamasining koordinatori bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisoblanadi.

Jamoatchilik eshituvi tashkilotchilari jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tadigan hududdagi davlat hokimiyati idoralari hisoblanadi.

Jamoatchilik eshituvi asosan rejalashtirilayotgan faoliyatning ustuvor maydonchasiga bevosita yaqin joylashgan aholi punktida va Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
 

Manba: https://kun.uz/news/2020/06/24/ozbekistonda-aes-...

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar