Press-reliz: «Brokonerlikka qarshi kurashish oyligi» davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan
10.
06. 2020
13:19
6378
Yangiliklar

PRESS-RELIZ 
«Brokonerlikka qarshi kurashish oyligi» davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son Farmoniga muvofiq atrof muhit ob’ektlarini (atmosfera havosi, suv, yer, tuproq, yer qa’ri, bioxilma-xillik, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar) antropogen ta’sir hamda boshqa salbiy ta’sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta’minlash maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 2020 yil 10 maydan 10 iyunga qadar «Brokonerlikka qarshi kurashish oyligi» deb e’lon qilindi.

Shuni qayd etish joizki, BMT ning Atrof muhit bo‘yicha dastur (YuNEP) ekspertlari tomonidan to‘plangan ilmiy dalillarga muvofiq ekotizimlar yaxlitligi inson salomatligi va rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Atrof muhitdagi antropogen o‘zgarishlar yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi tuzilmasini o‘zgartiradi va biologik xilma-xillikni qisqartiradi, bu esa atrof muhit holatining o‘zgarishiga va o‘z navbatida, turli kasallik tashuvchilar, patogenlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Ayniqsa, pandemiya sharoitida mamlakatimizda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan biologik xilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha zarur chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, brokonerlikka qarshi kurash oyi tadbirida 2020 yil may oyi davomida davlat inspektorlari tomonidan jami 600 ta huquqbuzarlik holatlari (o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va noqonuniy baliq ovi) aniqlangan bo‘lib, 456 nafar huquqbuzarlarga nisbatan jami 2 mlrd so‘m jarimava tabiatga yetkazilgan zarar summalari belgilangan.

Shundan, ma’muriy jarimalar 447 mln so‘m, tabiatga yetkazilgan zarar 1 mlrd 553 mln so‘mni tashkil etadi.

92 ta holat bo‘yicha 702,7 mln so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kiritildi.

Huquqbuzarlardan 83 ta ov quroli va aslaxalar, 411 ta to‘rlar, 18 ta elektr qarmoq, 22 ta elektr arra va boltalar, 733,8 kg baliq, 92,5 m³ daraxt va butalar o‘tini olib qo‘yilgan.

O‘simlik dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha jami 348 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan bo‘lib, 331,5 mln so‘m jarima belgilangan, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar – 667,4 mln so‘m.

Hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha jami 11 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan bo‘lib, 12,4 mln so‘m jarima belgilangan.

Baliqlarning noqonuniy ovlanishi bilan bog‘liq jami 120 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan bo‘lib, 117 mln so‘m jarima belgilangan, ularning noqonuniy ovlanishi natijasida hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar – 48 mln so‘m.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar