Ovchilik xo‘jaliklari faoliyatida bir qancha qonun buzilishi holatlari aniqlandi
25.
07. 2024
17:16
4646
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ovchilik xo‘jaliklari faoliyatida ko‘plab qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Xususan, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi talablariga zid ravishda, “O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi” tomonidan jami 695 ming gektar yerda tashkil etilgan 37 ta ovchilik xo‘jaliklarining birortasida ham yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish pitomnigi va takror ko‘paytirish uchastkalari tashkil etilmagan.

Shuningdek, Qonunning 34-moddasiga zid ravishda biriktirilgan 695 ming gektar ov qilish joylaridan foydalanganlik uchun Birlashma tomonidan to‘lov amalga oshirilmagan. Qolaversa, Qonunning 32-moddasiga zid ravishda ovchilik xo‘jaliklarining chegaralari belgilanmagan, ov qilish uchun yopiq bo‘lgan takror ko‘paytirish uchastkasining tavsifi belgilanmagan va tashkil etilmagan (ovchilik xo‘jaligi umumiy maydonining kamida 10 foizi), ovchilik xo‘jaliklarida borish yo‘llari, takror ko‘paytirish uchastkasining, kordonlar hamda boshqa inshootlar va obyektlarning joylashuvi ko‘rsatilgan holda ovchilik xo‘jaligi hududining xarita-sxemasi o‘rnatilmagan. Mazkur kamchiliklar natijasida belgilangan hududlardan tashqarida, aholi punktlariga yaqin hududlarda ov amalga oshirilgan. 

Masalan, Sirdaryo viloyati hududidagi umumiy maydoni 178 ming gektar bo‘lgan ov qilish imkoniyati bor dala va boshqa yer maydonlarining Birlashmaga biriktirilganligi bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar (tegishli hokim qarori) mavjud emas. Bundan tashqari, ov qilish uchun yopiq bo‘lgan takror ko‘paytirish uchastkasi (ovchilik xo‘jaligi umumiy maydonining kamida 10 foizi, yaʼni 17,8 ming gektar) ham yo‘q. Ushbu bo‘limning haqiqiy o‘ziga tegishli bo‘lgan xo‘jalik yuritish uchun biriktirilgan yer maydoni 18,8 gektarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Birlashma tomonidan ovchilik xo‘jaliklarida ovchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilmaganligi ma'lum bo'ldi. Jumladan, 37 ta ovchilik xo‘jaligida qurollarni xavfsiz saqlash xonasi, sanitariya talablariga javob beradigan ov mahsulotini qayta ishlash va saqlash obyektlari, ovchilar uchun zamonaviy, standartlarga javob beradigan joylashtirish vositalari va yong‘in xavfsizligi burchagi tashkil etilmagan. Birgina Jizzax va Navoiy viloyatlarida (Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofida) joylashgan Birlashmaga tegishli ovchilik xo‘jaliklari xavfsizlik, sanitariya va gigiyena talablariga javob bermaydi. Natijada ov mahsulotlari va yovvoyi hayvonlardan turli yuqumli kasalliklar tarqalishi ehtimoli yuqori. 

Buxoro viloyati, “O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi”ga tegishli “Qumsulton” ovchilik xo‘jaligi

Navoiy viloyati, “O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi”ga tegishli “Aydar-Arnasoy” ovchilik xo‘jaligi

Jizzax viloyati, “O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi”ga tegishli “Aydar-Arnasoy” ovchilik xo‘jaligi

 

Ma'lumot uchun, Birlashmaga a‘zo bo‘lgan 38 ming nafarga yaqin ovchi har yili taxminan 15 mlrd so‘m a‘zolik badali to‘laydi. 

Yuqoridagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha barcha materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan bo‘lib, bugungi kunda huquqiy baho berilmoqda.

Ta'kidlash joizki, ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish kerak. Masalan, Polsha, Chexiya, Rossiya, Latviya, Belarus kabi davlatlarda zamonaviy ovchilik xo‘jaliklarida quyidagi infratuzilma obyektlari bo‘lishi zarur:

— ovchilarni qabul qilish punkti;
— ovchilik qurollarini saqlash joylari;
— modulli mehmonxonalar, glemping, suv havzalari, ov minoralari;
— ov mahsulotini qayta ishlash va saqlash xonalari;
— yovvoyi hayvonlarni takror ko‘paytirish uchastkalari (pitomniklar va tabiiy ko‘paytirish hududlari);
— ovchilik xo‘jaligi faoliyati uchun zarur infratuzilma va moddiy-texnik baza.  

Masalan, Belarusdagi “Krasniy bor” o‘rmon-ovchilik xo‘jaligida 30 dan ortiq turistik xizmatlar, xususan, jip-safari, o‘q otish sporti, otda sayr qilish, baydarka, ov tashkil qilish xizmatlari, sport o‘yinlari va boshqa ko‘plab xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Bizda ham xuddi shunday tajribani yo‘lga qo‘yish lozim.

Foydali manbalar