Termiz hayvonot bog’ida hayvonlar uchun elektron pasport tizimi yo'lga qo'yilmoqda
02.
05. 2024
10:45
4271
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirining tegishli buyrug’iga asosan Termiz hayvonot bog’ida saqlanayotgan O‘zbekiston Qizil kitobi hamda Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) ilovalariga kiritilgan hayvonlar chiplashtirilib, ular uchun elektron pasport tizimi yo'lga qo'yilmoqda. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi  “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 171-sonli qarori bilan Toshkent, Farg‘ona va Termiz hayvonot bog‘lari Ekologiya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan edi. Hayvonot bog’larining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, saqlanayotgan hayvonlarni asrab-avaylash, ularning sonini ko’paytirish maqsadida esa Ekologiya vazirligi tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

"Hayvonlarning reesteri yuritilib, elektron pasport tizimi yo'lga qo'yilishi jarayonida jonivorlar haqidagi barcha ma’lumotlar yagona elektron bazaga kiritiladi. Bu esa ushbu hayvonlarning muhofaza etilishini muntazam nazorat qilishga imkon beradi", – dedi Ekologiya vazirligi Bioxilmaxillik siyosatini yuritish bo'limi boshlig’i Abdurashid Sodiqov.

Dastlab 4 bosh  yovvoyi hayvon, qushlardan 2 ta O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan oq boshli qumoy, cho’l burguti hamda  tuyoqlilardan 2 bosh hayvon – morxo’r, Buxoro tog’ qo’yiga chiplar o’rnatildi.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda Termiz hayvonot bog‘ida jami 488 bosh noyob hayvonlar saqlanmoqda. Shundan yirtqichlar 40 bosh, sudralib yuruvchilar 84 bosh, tuyoqlilar 47 bosh hamda qushlar 317 tani tashkil etadi.

Foydali manbalar