Eco Fest: Toshkentda ekostandartlarga ega korxonaning afzalliklari namoyish etildi
01.
05. 2024
16:37
1296
Yangiliklar

30-aprel kuni Toshkent metallurgiya zavodida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi hamkorligida “ECO FEST” tadbiri bo’lib o‘tdi. 

Tadbir zamonaviy sanoat korxonasida ekologik standartlarga amal qilinishining afzalliklarini namoyish etish, bu borada mutaxassislar bilan tajriba almashish va kelajakda ham ekologik tamoyillarga amal qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. 

"Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan sanoat korxonalarida ekologik standartlarga amal qilinishiga katta e'tibor qaratilmoqda, — dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi Matnazar Elmurodov. — Toshkent metallurgiya zavodida bu borada samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, korxonada chiqindisiz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirdan maqsad zavodning bu boradagi faoliyatini o‘rganish va tajriba almashishdir".

Tadbir davomida korxona bo‘ylab ekskursiya va ekologiya sohasidagi yutuqlar taqdimoti namoyish etildi. Shuningdek, qayta ishlangan chiqindilardan tayyorlangan mahsulotlar eko-yarmarkasi ham tashkil qilindi. Bunda chiqindilardan samarali foydanalish va atrof-muhitni chiqindi tashlamaslik ustuvor vazifa ekanligi ta'kidlandi. 

"Sanoat korxonasi deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga tabiatga zararli moddalar chiqaradigan korxona keladi. Ammo bu tushuncha noto‘g‘ri, chunki sanoat korxonalari ekologiyaga zarar yetkazmasdan ham faoliyat ko‘rsatishi mumkin, — dedi Toshkent metallurgiya zavodi bosh texnolog oʻrinbosari  Sherzod Fozilov. — Jumladan, bizning zavodda zamonaviy texnologiya va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha ilg‘or yutuqlar joriy etilgan bo‘lib, bu chiqindisiz ishlab chiqarishni amalga oshirish, atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish va zavodga "Yashil korxona" maqomiga ega bo‘lish imkonini yaratadi". 

Ma’lumot uchun, Toshkent metallurgiya zavodi Markaziy Osiyodagi eng yirik sovuq holda yoyilgan rux va polimer qoplamali po'lat prokat ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, o‘z sohasidagi ekologik toza korxonalardan biri hisoblanadi. Oqova suvlarni tozalash uskunalari, shuningdek, atrof-muhitga chiqadigan chiqindilarni nazorat qiladigan zamonaviy filtrlar korxonaga ruxsat etilgan chegaraviy me'yorlardan oshmasligiga imkon beradi. Joriy yilda korxonada “Toza energiya”, “Toza havo” ekologik loyihalariga, shuningdek, ularni sotish va utilizatsiya qilish uchun chiqindilar hajmini kamaytiradigan yangi texnologiyalarni joriy etishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, TMZ “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda. Korxona hududi va unga tutash hududda 12 500 tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Joriy yilda yana 1 500 tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.

Tadbir yakunida madaniy-ko‘ngilochar dastur tashkil etilib, korxonaning tabiatga zarar yetkazmasdan faoliyat yuritishida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan xodimlar taqdirlandi.

Foydali manbalar