BAA delegatsiyasi vakillari yurtimizga tashrifi davomida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyada bo‘lib o‘tgan Sharja amirligining arxeologik topilmalari koʻrgazmasi hamda “Art Station” sanʼat galereyasida “Samarqand — milliy drama teatri beshigi” koʻrgazmasi ochilishida qatnashdi.
“Samarqand — milliy drama teatri beshigi” koʻrgazmasining ochilish marosimida BAA Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BAAning O’zbekistondagi va O’zbekistonning BAAdagi elchixonalari, BAA delegatsiyasi, Samarqand hokimligi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiyga koʻrgazma, shuningdek, XX asrning 1-yarmida Oʻzbekistonda dramatik sanʼatga asos solgan taniqli oʻzbek aktrisasi Sora Eshontoʻrayeva va uning faoliyati haqida maʼlumot berildi. Koʻrgazma mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
“Koʻrgazma aktrisa hamda boshqa taniqli sanʼat vakillari haqida hikoya qiladi, — dedi koʻrgazma kuratori Durdona Kulmatova. — Maqsad oʻz hayotini sanʼat va taʼlim-tarbiyaga bagʻishlagan Sora Eshontoʻrayeva va Oʻzbekistonning boshqa jamoat arboblari taqdiri haqida hikoya qiluvchi ilk avlod aktyorlarini shakllantirishdir”.
Koʻrgazmaning asosiy toʻplami 1924-yildan 1937-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi va teatr jamoasining sahna ortidagi hayotini aks ettiruvchi suratlarning qayta nashrlari, arxiv hujjatlar, Sora Eshontoʻrayeva va Abror Hidoyatovga tegishli shaxsiy buyumlar, jumladan, liboslar, rekvizitlar va bezaklardan iborat. Toʻplam aktrisaning keyingi suratlari va nabirasi Nodira Hidoyatovaning u haqdagi hikoyasi tasvirlangan videosuhbatni ham oʻz ichiga olgan.
Maʼlumot uchun, Samarqandda boshlangan 70 yillik ijodiy faoliyati davomida Sora Eshontoʻrayeva teatr va kinoda 100 dan ortiq rollarni ijro etgan. Ijro mahorati va ijtimoiy faolligi uchun koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan.
Bundan tashqari, BAA delegatsiyasi vakillari “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida boʻlib, bu yerda talabalarning sifatli taʼlim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, ular taʼlim maskani hududida tashkil qilingan ekologik burchakni ham koʻzdan kechirishdi.