Atmosfera havosi ifloslanishini nazorat qiluvchi yangi avtomatik stansiyaga press-tur tashkil etildi
24.
03. 2024
13:35
4221
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi “Zamin” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Butunjahon meteorologiya kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi havo ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyaga press-tur tashkil etdi.

Press-tur doirasida avtomatik stansiyaning ishlashi prinsipi, undagi mavjud funksiyalar haqida OAV vakillari, bloger va jurnalistlarga keng ma’lumot berildi.

Ma’lumot uchun, avtomatik stansiyalarda atmosfera havosi ifloslanishini kuzatish onlayn rejimda amalga oshiriladi. Atmosfera havosida quyidagi ifloslantiruvchi moddalar aniqlanadi: mayda dispersli zarrachalar (PM10 va PM2,5), oltingugurt dioksidi, azot dioksidi, azot oksidi, uglerod oksidi, ammiak, ozon.

“Stansiya onlayn rejimda ishlaydi, diametri 5 km radiusdagi havo sifati haqidagi ma’lumotlarni serverga har 10 daqiqada o‘rtacha har soatda uzatadi. Kuzatuv punktlaridan atmosfera havosining ifloslanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zgidromet tomonidan qabul qilinadi, yagona ma’lumotlar bazasida jamlanadi va loyiha doirasida yaratilgan https://monitoring.meteo.uz ommaviy platformasida e’lon qilinadi”, - dedi O‘zgidromet boshqarma boshlig‘i Xurshid Toshpo‘latov.

Bundan tashqari, O‘zgidromet agentligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallariga har kuni ertalab 9:00 va kechqurun 18:00 da atmosfera havosi monitoringi l ma’lumotlari e’lon qilib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, atmosfera havosining ifloslanishini monitoring qilish jarayonining texnik va axborot imkoniyatlarini yaxshilash uchun atrof-muhit monitoringini zamonaviylashtirish maqsadida O‘zgidromet agentligi “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda “Atmosfera havosining ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” loyihasini amalga oshirmoqda. 

Loyihaning birinchi bosqichida 2021-yilda Toshkent shahrida “Horiba” (Germaniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 2 ta zamonaviy havo ifloslanishini nazorat qiluvchi avtomatik stansiyalar o‘rnatildi. 2023-yilda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida Guliston, Jizzax, Samarqand, Urganch, Nukus, Termiz shaharlarida avtomatik stansiyalar faoliyat yurita boshladi. Joriy yilda esa Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Buxoro, Qarshi, Nurafshon, Toshkent shaharlarida ham avtomatik stansiyalar o‘rnatildi.

Foydali manbalar