Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Toshkent hayvonot bog‘i hamkorligida “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni”ga bag‘ishlab “Eko-kvest” musobaqasi o‘tkazildi. Unda Toshkent shahridagi maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilardan iborat 12 ta jamoa bellashdi.
“Maktab o‘quvchilari, albatta, zoologiya kabi hayvonot, tabiatga oid fanlarni ham o‘rganishadi. “Eko kvest” tadbiri esa bolalarning bu boradagi bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi Ekologiya vazirligi bo’lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva. — Savollar ham aynan tabiat, yovvoyi hayvonlar haqida tuzildi. Maqsadimiz yoshlarning ekologik bilim darajasini oshirishdir”.
O‘yin juda qizg’in kechdi. Savollar hayvonot bog‘ining turli burchaklariga, hayvonlar oldiga qo‘yib chiqildi. Bu esa bolajonlarga bevosita hayvonlar bilan tanishish imkonini berdi.
“Ushbu tadbir Toshkent hayvonot bog‘ida o‘tkazilishi bejiz emas. Savollarga javob topish jarayonida bolalar bevosita hayvonlar bilan muloqot qilishdi. Bu esa, albatta, bolalarda hayvonlarga nisbatan mehr-muhabbat, tabiatga xayrixohlik hissini shakllantiradi”, — Toshkent hayvonot bog‘i ilmiy-ma’rifiy bo‘lim mudiri Hakim Sobirov.
Musobaqada Yashnobod tumanining “Ayiq bolalari” jamoasi birinchi, Chilonzor tumanining “Legenda” jamoasi ikkinchi, Sergeli tumanining “Liderlar” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib jamoalar munosib taqdirlandi. Shuningdek, har bir jamoa ishtirokchisiga sovg‘alar topshirildi.
Ma’lumot uchun, Ekologiya vazirligi tomonidan yovvoyi tabiat vakillarini muhofaza qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, har yili qish faslida yovvoyi hayvonlar va qushlarni sovuqdan asrash maqsadida yurtimizdagi barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, 3-fevral — Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuniga bagʻishlab “Qishda qushlarga koʻmak” aksiyasi oʻtkazilgan va Toshkent Botanika bog‘idagi qushlarga ozuqa mahsulotlari tarqatilgandi.