O‘zbekiston Germaniyadan kelayotgan sayyohlar oqimini oshirishni rejalashtirmoqda
02.
02. 2024
19:17
1648
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Germaniyaning eng yirik turizm xolding kompaniyasi — "FTI Group"ning Turkiya va Yaqin Sharq bo‘yicha direktori Okay Yildirim boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sayyohlik yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, viza rejimini liberallashtirish, transport logistikasini rivojlantirish, shuningdek, soha subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rag‘batlantirish choralari haqida ma'lumot berildi.

A.Abduhakimov O‘zbekiston turizmiga bo‘lgan qiziqish va hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

“Oʻtgan yili Germaniyadan 30 mingga yaqin sayyohni qabul qildik. Joriy yilda davlat rahbari tomonidan bu raqamni 65 mingga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali biz O‘zbekistonga sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga erishamiz”, — dedi vazir.

O‘z navbatida O.Yildirim O‘zbekiston Yevropa davlatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilish uchun ulkan salohiyatga ega qiziqarli sayyohlik yo‘nalishi ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, Yevropa davlatlaridan O‘zbekistonning sayyohlik shaharlariga yangi reyslar ochish, Germaniya kanallarida O‘zbekiston turizmi haqida videolavhalar namoyish etish, barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma PR-kampaniyalarni amalga oshirish, jumladan, turli shou va B2B uchrashuvlarini tashkil etish, Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti hamda yetakchi OAV va blogerlar uchun Oʻzbekistonga press-turlar tashkil etish borasida kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun: "FTI Group" turizm xolding kompaniyasi bo‘lib, Yevropada uchinchi o‘rinda turadi. Xolding Germaniyada sayohatchilarga xizmat ko‘rsatadi va 120 ta davlatga sayohat qilishni taklif etadi. Yil davomida xolding to'g'ridan-to'g'ri veb-sayt orqali sayohatlarni bron qilish imkoniyatiga ega 8 millionga yaqin mijozga xizmat ko'rsatadi.

Foydali manbalar