2023-yilda onlayn videokuzatuv kameralari orqali 6,5 mingdan ortiq ekologik qoidabuzarliklar aniqlangan
19.
01. 2024
14:16
1221
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni bartaraf etish va atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan butun respublika bo‘yicha onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda.

"2023-yilda Andijon, Namangan, Surxondaryo,Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida kuzatuv kameralari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, — dedi vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi bosh mutaxassisi Nazir Umarov. — Ayni damda bunday kameralar Samarqand viloyatida ham ishga tushirilmoqda. Qolaversa, respublikamizning boshqa hududlarida ham kameralar o‘rnatish rejalashtirilgan. 

2023-yilda jami 200 ga yaqin kameralar o‘rnatilib, 6542 ta huquqbuzarlik aniqlangan va MJtKning 91-moddasi tegishli bandlariga asosan jarimalar qo‘llanilgan. 

Ta'kidlash joizki, yaqin yillarda kameralar sonini 1000 taga yetkazish maqsad qilingan. Bu kameralar nafaqat belgilanmagan joyga chiqindi tashlash, balki boshqa turdagi qonun buzilishi holatlarini ham aniqlaydi. Bu esa ekologik huquqbuzarliklarni tezda bartaraf etish va o‘z vaqtida chora ko‘rish imkonini beradi.

Foydali manbalar