Poytaxtimizda Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni barqaror saqlash va boshqarish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir moliyalashtiriladigan loyihalar doirasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi loyihalari, Saudiya Arabistoni Qirolligi Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vazirligi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), JICAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti, xalqaro va mahalliy ekspertlar, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda Ekologiya vazirligining Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti direktori Zokir Rahimov “O‘zbekiston Respublikasining ekologik hududlarni muhofaza qilish sohasidagi taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan loyihalar va dolzarb vazifalar” mavzusida ma’ruza qildi.
“Oʻzbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar respublika hududining 14 foizini egallaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz hukumati tomonidan ularni kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatni rivojlantirish borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi tadbirdan maqsad xalqaro moliya institutlarini ushbu sohaga jalb etish, ekoturizmni rivojlantirish, shuningdek, yovvoyi hayvonlar genetikasini o‘rganish bo‘yicha laboratoriyalar yaratish orqali ilmiy salohiyatni mustahkamlashdan iborat”, — dedi Z.Rahimov.
Shuningdek, boshqarmaning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisi Murod Xasanov “O‘zbekistonning alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari yo‘l xaritasi va loyihalari”ni taqdim etdi.
O‘z navbatida “Orolbo‘yi landshaftida yer degradatsiyasiga barqaror va neytral yondashuv asosi sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlari va qirg‘oq yo‘laklarini saqlash va barqaror boshqarish, barqaror turmush sharoitini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi rahbari Akmal Ismatov tashkilot oldiga qo'yilgan maqsadlarga alohida to‘xtaldi.
Tadbir davomida mahalliy va xalqaro ekspertlar, xususan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi vakili Julian Felten, Coca-Cola kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi hukumat bilan aloqalar, kommunikatsiyalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha menejeri Nazi Aripjanova, BMTTD/Global atrof-muhit fondi “Global bioxilma-xillik dasturi – erta harakatni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi rahbari Sergey Zagrebin, Zoologiya instituti ilmiy xodimi Oybek Amirov va boshqalar o‘z muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashdilar.
“Ma’ruzamda muhofaza etiladigan hududlar tizimini rivojlantirish va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha loyihalarni tahlil qildim. 20 yil davomida amalga oshirilgan loyihalarning eng muhim natijalari: milliy qonunchilik bazasi mustahkamlandi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini tayyorlashda qoʻllab-quvvatlandi, qonunchilikka yangi tushunchalar kiritildi va hokazo. Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish sohasida ham turli me’yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlandi, ularga tashrif buyurish tartibi tavsiya etildi va, albatta, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirishga ko‘mak ko‘rsatildi”, – dedi S.Zagrebin.
Muhofaza etiladigan tabiiiy hududlar departamenti bosh mutaxassisi Sobir Berdiyev esa yaqin yillarda milliy tabiat bog‘lari soni yanada ko‘payishini ta’kidladi.
“Oxirgi ikki yilda 8 ta milliy tabiat bogʻi, 2 ta buyurtma qoʻriqxonasi, 1 ta davlat qoʻriqxonalari tashkil qilindi. “2019-2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorda 2028-yilgacha muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini yurtimiz hududining 12 foiziga yetkazish moʻljallangan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 14 foizga yetdi. Kelgusi yillarda esa Fargʻona va Namangan viloyatlarida 5 ta, Surxondaryo viloyatida esa 1 ta milliy tabiat bogʻini tashkil qilish rejalashtirilgan. Tabiiy muhofaza qilinadigan hududlar maydonini yurtimiz hududining 17 foiziga yetkazishni maqsad qilganmiz”, dedi u.
Konferensiya doirasida “Birlashtiruvchi inqirozlar: paradigmalar va siyosatlar”, “Mustahkamlik sari yo‘l”, “Mintaqada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishning ilg‘or tajribalarini ko‘rib chiqish, shuningdek ularni moliyalashtirish”, “O‘simlik va hayvonot dunyosi. Biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va tiklash bo‘yicha strategiya va harakatlar”, “Barqaror turizm. Mintaqada barqaror va foydali turizmni qanday ta’minlash mumkin”, “Jamoalar va tabiat. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish va saqlashda mahalliy hamjamiyatlarning rolini kuchaytirish” va boshqa muhim mavzularda sessiyalar tashkil etildi.