Toshkentda “Respublikani ko‘kalamzorlashtirish va “Yashil Makon” milliy loyihasini ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori taqdim etildi
29.
11. 2023
11:44
2435
Yangiliklar

28-noyabr kuni Milliy matbuot markazida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, "Yashil makon" umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni qabul qilinganligi yuzasidan matbuot anjumani oʼtkazildi. 

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi “Yashil makon” umummilliy loyihasini tashkillashtirish va monitoring boshqarmasi mutasaddilari, vazirlik tizimidagi Oʼrmon xoʼjaligi agentligi va Oʼrmon xoʼjaligi ilmiy-tadqiqot instituti vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida farmonning muhim jihatlari, afzalliklari, kutilayotgan oʼzgarishlar va boshqa muhim maʼlumotlar aytib oʼtildi. 

Maʼlumot uchun, oʼtgan davr mobaynida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 588 gektar “yashil bogʼlar”, 662 gektar “yashil jamoat parklari”, Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida jami 40 km masofada “yashil belbogʼ”lar barpo etildi. Shu bilan birga umummilliy loyihani samarali davom ettirish bugungi kunda kechiktirib boʼlmas choralar koʼrishni talab etmoqda.

Prezident farmoniga koʼra, Oʼzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada ommalashtirish, ekologiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va ilgʼor texnologiyalarni keng joriy etish hamda “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda amalga oshirilishi kerak boʼlgan vazifalar belgilab berilgan. Xususan, davlat byudjetidan har yili ajratiladigan mablagʼlarning kamida 50 foizi “yashil bogʼlar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri yordamida shakllangan “Mening bogʼim” loyihalarini moliyalashtirishga yoʼnaltiriladi. 

Bundan tashqari, farmonda koʼchatlar ekish, hududlarni koʼkalamzorlashtirishda aholining manfaatlarini kuchaytirish ham koʼzda tutilgan. Xususan, avtomobil, temir yoʼl, daryo va kanallar yoqalari, davlat organlari va tashkilotlari yer uchastkalarining foydalanilmayotgan qismida (oʼrmon xoʼjaligi yerlari bundan mustasno) “yashil bogʼlar” barpo etiladi. 
 

Shu bilan birga, farmonda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xoʼjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024 yilda oʼrmon fondining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida koʼchat yetishtirish ishlarini yoʼlga qoʼyish orqali kamida 10 ming nafar aholini ish bilan taʼminlashi ham koʼzda tutilgan.

Qolaversa, Toshkent shahri hududida uch bosqichda daraxtlarni raqamlashtirish orqali ularning pasportlari yaratiladi. Bunda birinchi bosqichda (2024-yil 1-martga qadar) aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar toʼliq xatlovdan oʼtkaziladi (yakka tartibdagi uy-joylar hududidagi daraxtlar bundan mustasno). Ikkinchi bosqichda (2024-yil 1-noyabrga qadar) xatlov natijasiga koʼra aniqlangan daraxtlarning yoshi, turi, boʼyi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Uchinchi bosqichda (2024-yil 31-dekabrga qadar) esa maʼlumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

Shu bilan birga, farmonga koʼra, 2024-2028-yillarda Orolboʼyi mintaqasini barqaror rivojlantirish, innovatsiyalar va yashil texnologiyalarni keng joriy etish boʼyicha milliy dastur ishlab chiqiladi. Dastur “yashil qoplamalar” — himoya oʼrmonzorlarini barpo etishni izchil davom ettirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etib, ularni tizimli rivojlantirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmani yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, aholi salomatligini tiklash, ekologik turizmni rivojlantirish, donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, jamgʼarmalar va 

kompaniyalar mablagʼlarini keng jalb qilish boʼyicha xalqaro aloqalarni yanada kuchaytirish kabi vazifalarni oʼz ichiga oladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-martdan boshlab yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʼlgan bino va inshootlar, agar ularga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi koʼkalamzorlashtirish maydonlariga ajratilmagan va ularda koʼkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmagan taqdirda, davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi. Аtrof-muhitga taʼsir koʼrsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalari oʼz hududi va tutash hududlarda “yashil belbogʼ”lar barpo etishi va koʼkalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirishi majburiy qilib belgilanadi.

Taʼkidlash joizki, farmonda yana boshqa muhim vazifalar ham belgilab berilgan.

Foydali manbalar