Suv omborida noqonuniy baliq ovlamoqchi bo‘lganlar davlat inspektorlarini ko‘rib, qochishga urinishdi. Ammo javobgarlikdan qochib qutula olishmadi.
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida joylashgan "Tuyabo‘g‘iz" suv omborida brakonyerlikka qarshi kurash bo'yicha navbatdagi monitoring va nazorat tadbirlari o'tkazildi.
Reyd davomida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi davlat inspektorlari hamda “Golden Fish Group” MCHJ qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan noqonuniy ov qilishga urinish holatlari aniqlandi.
Xususan, suvga to‘r tashlab, baliq ovlamoqchi bo‘lgan 3 nafar huquqbuzar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan MJtKning 90-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlarning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari — 3 million 300 ming so‘mdan jarimaga tortildi.
Qolaversa, suv omboriga noma'lum shaxslar tomonidan qo‘yilgan 2500 metr leskali to‘rlar yig‘ib olinib, to‘rga ilingan baliqlar suvga qo‘yib yuborildi.
Shuningdek, tadbir davomida baliq ovlovchilarga noqonuniy usullar va taqiqlangan qurollar bilan ov qilmaslik yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.