San’at va ekologiya: Toshkentdagi Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumida ekologiyaga bag‘ishlangan 21 ta asar yaratildi
09.
10. 2023
11:17
1774
Yangiliklar

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida “Toshkent-2023” II Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, simpoziumijoriy yilning 30-avgust — 30-sentabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

“Inson va tabiat, iqlim oʻzgarishi, yashil makonlarni asrash, Orolni qayta tiklash” mavzusiga bag’ishlangan simpoziumdan koʻzlangan maqsad aholining ekologik madaniyati va atrof-muhit obyektlarini, tarixiy-madaniy meros obidalarini saqlash, ehtiyotkorona munosabatda boʻlishni o‘rgatishdan iborat. 

Shuningdek, simpozium haykaltaroshlik sanʼati orqali ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish g'oyasini xalqimiz ongiga chuqurroq singdirishga xizmat qiladi.  

Ta’kidlash joizki, simpozium ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan boʻlib, birinchisi 2022-yil avgust–sentabr oylarida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan, o‘shanda 7 nafar xorijiy va 5 nafar oʻzbek haykaltaroshlari ishtirok etgandi. Bu safar esa simpoziumda 10 nafar xorijiy va 11 nafar oʻzbekistonlik ijodkorlar ishtirok etdi.  

Ispaniya, Italiya, Turkiya, Eron, Belarus, Gruziya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Argentina va Rossiyalik ijodkorlar mahalliy haykaltaroshlar bilan birga bir oy davomida ijod qilib, benazir haykaltaroshlik namunalarini yaratishdi. 



Simpozium davomida, shuningdek, mahoratli, yosh haykaltaroshlar uchun mahorat darslari, xorijlik haykaltaroshlar bilan ijodiy uchrashuv tashkil qilindi. Bundan tashqari, xorijlik haykaltaroshlarning Samarqandga shahriga tashrifi uyushtirildi. 

Yopilish marosimida barcha haykaltaroshlarning mehnati yuqori baholandi va barchaga sertifikatlar topshirildi.

Qayd etish kerakki, ijodkorlar tomonidan ekologiya va atrof-muhit muhofazasi mavzularida toshdan yaratilgan 21 ta yangi haykaltaroshlik namunalari “Green University” hovlisiga oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, simpozium davomida yasalgan haykallar Toshkentning istirohat bogʻlari, dam olish hududlari, koʻngilochar va sayyohlik maskanlarida oʻrnatilib, shahar va uning meʼmorchiligiga estetik goʻzalik baxsh etadi.

Foydali manbalar