"Dunyoni yanada yaxshilaymiz": Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohida yosh ekofaollar bir maqsad yo‘lida birlashdi
05.
10. 2023
11:41
2972
Yangiliklar

Samarqandda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi — COP-28ga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, UNICEF ijrochi direktori o‘rinbosari Ted Chaiban, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, BMT tuzilmalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohi 1–5-oktabr kunlari Samarqand shahrida Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo strategiyasini ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Oromgohda 5 ta mamlakatdan kelgan 60 nafar ekofaol, olimlar va xorijiy tashkilotlar vakillari  Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish madaniyatini rivojlantirish strategiyasini muhokama qilishdi.  Shuningdek, eko-oromgoh doirasida "Eco-Zakovat" intellektual o‘yini o‘tkazildi. 



Ta'kidlash joizki, eko-oromgohda yosh ekofaollar dunyoni yanada yaxshiroq qilish, ekologiyani asrash yo‘lida birlashishdi. Xususan, Ekologiya vazirligi huzurida Yoshlar qoʻmitasini tashkil etish, ishlab chiqilgan qoidalar va atrof-muhit dasturlari bo'yicha ovoz berish hamda fikr bildirish imkoniyatini yaratish, ishga joylashish va universitetga kirish vaqtida volontyorlik faoliyatini hisobga olish, yo‘qolgan o‘simliklarning o‘rnini qoplash, aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish uchun sun’iy o‘rmonlar barpo etish, ekostartaplarni moliyalashtirish orqali zararli chiqindilarni kamaytirish, elektromobillar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yoqilg‘ida harakatlanuvchi transport vositalarining katalizatorlarini yaxshilash kabi muhim takliflarni ilgari surishdi.

 Eko-oromgoh yakunida “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hududida daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, esdalik nishoniga imzo chekildi.

Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohidan asosiy maqsad yoshlarning iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashishdagi rolini e’tirof etish, yosh eko-faollarga ekologik taklif va tashabbuslarni ilgari surish uchun platforma taqdim etish hamda Markaziy Osiyoda yoshlar ekologik harakatini integratsiya qilishdan iborat.

Foydali manbalar