Jizzaxda qattiq maishiy chiqindi poligonlari quriladi
30.
08. 2023
03:49
3028
Yangiliklar

2024–2026-yillar davomida Jizzax viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash koʼchma stantsiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish va amaldagi poligonlarda zamonaviy talablarga javob beradigan chiqindixonalarni qayta qurish ishlari amalga oshiriladi. 

2021-yil 2-dekabr kuni Jizzaxda 2022–2026-yillarda chiqindi sohasini rivojlangan mamlakatlardagidek tashkil etish va rivojlantirish yuzasidan Janubiy Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) Jizzax viloyati hokimligi oʼrtasida bu borada qoʼshma Mermorandum imzolangan. Loyiha uchun 6,6 mln АQSh dollari miqdoridagi grant va 90 mln АQSh dollari miqdoridagi kredit mablagʼlari ajratilgan. 

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-dekabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʼrtasidagi alohida sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-67-son Qaroriga asosan grant mablagʼlari Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanidagi chiqindilar poligonida 500 kVt-1 MVt quvvatiga teng chiqindi poligonlaridan chiqayotgan gazlarni yigʼish inshooti va 500 kVt-1 MVt quvvatga ega elektr stansiyasiga ulanishi mumkin boʼlgan chiqindi gaz yigʼish tizimi quriladi. 

Shuningdek, bu mablag‘lar evaziga kuniga 5-10 tonna tibbiyot chiqindilarni yoqish inshootini oʼrnatiladi hamda chiqindixonaning moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida maxsus texnika va boshqa qurilmalar xarid qilinadi.

Qiymati 90 mln АQSh dollari boʼlgan kredit mablagʼlari esa Koreya Iqtisodiy taraqqiyot hamkorlik jamgʼarmasi (EDCF) tomonidan ajratilgan boʼlib, mazkur loyiha hujjati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan koʼrib chiqilib, xorijiy hamkor “EDCF” Fondi hamda KEITIga kiritilgan.

Ta’kidlash joizki, loyiha doirasida Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida 3 ta ekologik norma va sanitar talablarga javob beradigan qattiq maishiy chiqindi poligonlari, 5 ta hududda kompostlash va chiqindilarni saralash kompleksi hamda Zarbdor, Аrnasoy, Paxtakor, Mirzachoʼl, Yangiobod va Baxmal tumanlarida 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari quriladi.

Qolaversa, chiqindixonalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida qattiq maishiy chiqindi poligonlarida zichlash ishlarini amalga oshirish uchun 5 ta maxsus texnika, konteynerlarni tashish uchun 12 ta maxsus texnika, chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi uchun sigʼimi 60 kub metr boʼlgan 28 ta konteyner, 5 ta buldozer, 5 ta ekskavator, 5 ta avtoyuklagich, 5 ta samosval va kompostlash uchun uskunalar xarid qilinadi.

Foydali manbalar