Ekologik auditorga malaka sertifikati berish talablari qanday?
23.
08. 2023
15:36
2789
Yangiliklar

Vazirlar mahkamasining "Ekologik audit sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risida"gi qarori bilan Ekologik auditorning malaka sertifikatini berish boʼyicha davlat xizmatlarini koʼrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.  

Qarorga muvofiq, ekologik auditorning malaka sertifikatini berish uchun malaka imtihonini tashkil etish, sertifikatni berish, ekologik auditorlar va ekologik auditorlik tashkilotlarining reestrlari yuritish boʼyicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi vakolatli organ hisoblanadi.

Maʼmuriy reglamentga koʼra, malaka sertifikatini berish boʼyicha xizmatlar davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali koʼrsatiladi.

Buning uchun talabgor:

— Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid (biolog, geolog, gidrolog muhandis, yer geodeziya va kartografiyasi muhandisi, shuningdek, suv, atmosfera, yer va yer osti boyliklari muhofazasi mutaxassisliklari) oliy maʼlumotli;

— sohada yoki turdosh sohalarda ketma-ket kamida 3 yillik ish tajribasiga ega boʼlishi kerak.

Vakolatli organ murojaat kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki uni rad etish toʼgʼrisida qaror qabul qiladi.

Malaka imtihoni kamida 3 nafar talabgordan iborat guruhning shakllanishiga koʼra, biroq har chorakda kamida bir marta oʼtkaziladi.

Imtihon test koʼrinishida olinadi (jami 50 ta nazariy savol).

Imtihondan muvaffaqiyatli oʼtgan shaxsga ekologik auditor malaka sertifikati berilib, sertifikat 5 yil muddatga amal qiladi.

Talabgorning murojaatini koʼrib chiqish boʼyicha davlat xizmati koʼrsatilganligi uchun BHMning 1 baravari (330 ming soʼm) miqdorida yigʼim undiriladi.

Reglamentga koʼra shuningdek, ekologik auditorlar har ikki yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan oʼtishlari shart.

Foydali manbalar