“Toza havo” oyligi: Farg‘onada 2 500 dan ortiq avtotransport vositalari tekshirildi
16.
08. 2023
13:30
2537
Yangiliklar

Joriy yilning 10-avgust kuni butun Respublika hududida “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi boshlandi. Ayni damda har bir hududda avtotransport vositalaridan atrof-muhitga yetkazilayotgan zararli taʼsirlarni kamaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 



Xususan, Farg‘ona viloyatida ham avtotransport vositalaridan tashlanayotgan zararli gazlarning toksiklik darajasi va tutun qalinligi bevosita maxsus asboblardan foydalanilgan holda o‘lchash yo‘li bilan nazoratdan o‘tkazilmoqda. 

Ta’kidlash joizki, viloyat miqyosida ikkinchi bosqich davomida shu kunga qadar 2500 dan ortiq avtotransport vositalari o‘lchandi. Natijada 34 ta benzin yoqilgʼisidagi, 81 ta dizel yoqilgʼisidagi, 123 ta gaz yoqilgʼisidagi texnika vositalari atmosferaga meʼyoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotganligi aniqlanib, ularga nisbatan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rildi. 

Shuningdek, avtomobillar texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalarida taʼmirlanganidan so‘ng, qayta o‘lchanib, foydalanishga ruxsat berildi. 

Qolaversa, tuzatishning imkoni bo‘lmagan transport vositalari faoliyati vaqtincha to’xtatildi. Oqibatda atmosfera havosiga tashlanadigan zararli moddalar miqdori 0,1 tonnaga kamayishiga erishildi. 

Ma’lumot uchun, “Toza havo” oyligining birinchi bosqichi joriy yilning 10-aprelidan 10-mayiga qadar o‘tkazilgan. Ikkinchi bosqichi esa 10-sentyabrgacha davom etadi. 

Foydali manbalar