20 tup daraxt kesilishi natijasida tabiatga 12 million 705 ming so‘m zarar yetkazilgan
02.
08. 2023
11:09
2771
Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda "Qashqadaryo viloyati bolalar shifoxonasi hududida manzarali daraxtlar kesilganligi" haqida xabar tarqaldi.

Viloyat ekologiya boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan holat o‘rganildi. O‘rganish natijasida tibbiyot markazi maʼmuriy binosi ro‘parasidagi oshxona yon tomonida jami 20 tup daraxtga shikast yetkazilganligi, shundan 16  tup daraxt tag qismidan kesilgani va 4 tup virgin archasi daraxtlari tanasi yarmigacha kesilganligi aniqlandi.

Huquqbuzarlik natijasida yetkazilgan zarar miqdori “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ekish, parvarish qilish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 4-ilovasiga asosan hisoblanganda 12 million 705 ming so‘mni tashkil etadi.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar daraxtlarni noqonuniy kesganlarning shaxsiga aniqlik kiritish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida Qarshi shahar IIBga yuborish uchun rasmiylashtirilmoqda.

Foydali manbalar