Germaniyalik mutaxassis O‘zbekistondagi hayvonot bog‘lari va qo‘riqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi 
27.
07. 2023
10:51
2617
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hayvonot bog‘ini boshqarish bo‘yicha tajribali nemis mutaxassisi, professor Udo Nagel bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda Аziz Аbduhakimov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslar, xususan, hayvonot olamini muhofaza qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi. 

Udo Nagel hayvonot bog‘lari va qo‘riqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi. Xususan, hayvonlarni qishki va yozgi binolarda bir-biriga yaqin joyda saqlash uchun to‘siqsiz muhit yaratish, panjaralardan voz kechib, mustahkam oynali materiallardan foydalanish, hayvonlarni saqlash chegarasida ignali o‘simliklar ekish, hayvonot bog’ining “kecha va bugun” shaklidagi ko‘rgazmasini tashkil qilish, amaliy biologiya bilimlari o‘rgatiladigan o‘quv attraksionlarini yaratish va boshqa muhim tavsiyalar berdi. 

Shu bilan birga, U. Nagel O‘zbekistondagi hayvonot bog‘lari va qo‘riqxonalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotini namoyish etdi.

O‘z navbatida Aziz Abduhakimov “Rostok” hayvonot bog‘i tajribasini o‘rganish juda katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida o‘zbekistonlik mutaxassislarning Germaniyada o‘zaro tajriba almashishlari borasida kelishuvga erishildi.

Uchrashuvdan so‘ng Udo Nagelga Ekologiya vazirligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma'lumot berildi.

Uchrashuvdan maqsad – hayvonot bog‘lari bo‘yicha ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishda texnik ko‘mak ko‘rsatish, soha mutaxassislarining salohiyatini oshirish, soha doirasida o‘zaro tajriba almashish masalalarini muhokama qilishdir.

Ma’lumot uchun, Udo Nagel 10-iyul kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Tashrif davomida u Toshkent, Farg’ona va Termiz shaharlaridagi hayvonot bog’lari, Samarqanddagi “Zarafshon” milliy tabiat bog’i va Buxorodagi “Jayron” pitomnigi faoliyatini o‘rganib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Udo Nagelning yurtimizga tashrifi 25-iyul kuni o‘z yakuniga yetdi.

Foydali manbalar