Toshkentda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi vakolatxonasini ochish masalasi muhokama qilindi
17.
05. 2023
16:57
2656
Yangiliklar

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Shveytsariyada Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (XTMI) Bosh direktori Bruno Oberle bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining ushbu nufuzli xalqaro ittifoqqa a’zo bo‘lganidan keyingi hamkorlik darajasi, erishilayotgan yutuqlar alohida ta’kidlandi. 

Shuningdek, zoonoz kasalliklar (faqat hayvonlarga xos boʻlgan, lekin hayvonlardan odamlarga yuqishi mumkin boʻlgan infeksion va invazion kasalliklar guruhi)ning oldini olish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishning samarali tizimini yaratish, bioxilma-xillikni saqlash va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha bir qator joriy va rejalashtirilayotgan grant dasturlari hamda loyihalarini tayyorlash, ularni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ham, Markaziy Osiyo mintaqasida ham XTMI loyihalari ko‘lami kengayib bormoqda. Shu sababli muzokaralar davomida joriy yil oxiriga qadar Toshkentda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi vakolatxonasini ochish masalasi ijobiy ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, Bruno Oberle O‘zbekiston tomoniga Ittifoqning “Markaziy Osiyoda barqaror landshaftlar uchun tabiatga asoslangan yechimlarni kengaytirish” mavzusidagi mintaqaviy seminar o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Seminar Toshkentda joriy yilning 15–17-iyun kunlari o‘tkaziladi.

Uchrashuv yakunida XTMI Bosh direktori Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning uchta yirik tadbiri – choʻllanish boʻyicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi. Bruno Oberle ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi.

Foydali manbalar