AQSH Oʻrmon xizmati bilan hamkorlikda tashkil qilingan ushbu seminarda ikki nafar ekspert tomonidan treninglar olib borildi. Mashgʻulotlar samaradorligini oshirish maqsadida tadbir ishtirokchilari ikkita guruhga boʻlindi va mashgʻulotlar davomida quruqlikdagi navigatsiya asoslari, kamuflyaj va yashirinish (maskirovka), individual taktik harakatlar, qoidabuzarlarni aniqlash va ularga qarshi kurashish tartibi, pistirma va kuzatuv punktlarini oʻrnatish va soʻzsiz muloqot kabi mavzular maʼruza-amaliyot shaklida oʻrganildi.
Olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigida hududida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Uch kunlik oʻquv-seminar yakunlari boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari ishtirokchilari va kuzatuvchilari bilan fikr-mulohazalar va tavsiyalar olish uchun yigʻilish tashkil etildi.
Tashkilotchilar va ekspertlar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar inspeksiyasi rahbarlarining kasbiy mahorati, amaliy koʻnikmalari, zukkoligi va yangi bilim-koʻnikmalarni olishga boʻlgan qiziqishi rejalashtirilgan tadbirlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bevosita taʼsir koʻrsatganini alohida taʼkidlashdi.
Navbatdagi seminar-treningning sanasi, oʻtkaziladigan joyi va mavzusini aniqlash maqsadida qoʻshimcha onlayn uchrashuvlar oʻtkazishga kelishildi.
Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati