“Yashil makon” loyihasi xalqaro eʼtirofda
22.
12. 2022
13:32
3415
Yangiliklar

Hozirda butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi muammolari, qayta tiklanadigan energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj, suv tanqisligi hamda qishloq xo‘jaligida intensiv yo‘nalishlardan keng foydalanish zaruriyati xalqaro tajribalarni o‘rganish vazifasini qo‘ymoqda. Jumladan, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi, AQSH Davlat departamenti qoshidagi Xorij matbuot markazi hamda Vashingtondagi “Meridian” xalqaro markazi tomonidan o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Kaliforniya shtatiga uyushtirilgan mediatur ham ana shu jihatlari bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Ekologiya, qishloq xo‘jaligi va suv muammolari, shamol energetikasidan samarali foydalanish yo‘nalishidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishga qaratilgan mazkur «Media Co-op-2022» dasturida “O‘zbekiston 24” teleradiokanali, “Fermer” jurnali xamda “Qalampir.uz” sayti xodimlari ishtirok etdi.

Mediatur davomida AQSHdagi 20ga yaqin nodavlat-notijorat tashkilotlari xamda volontyorlik guruxlari vakillari bilan uchrashdik. Muloqotlar jarayonida AQSHda nodavlat tashkilotlari va volontyorlik guruhlari tomonidan jamoatchilik nazoratini tashkil etgan holda mavjud ekologik va ijtimoiy muammolarga mahalliy hukumat eʼtiborini qaratish, shu orqali muammolarni amaliy hal etish jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Ayniqsa, Kaliforniya shtatidagi suv tanqis hududlarda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, qishloq xo‘jaligida suvsizlikka chidamli ekinlarni yetishtirish, urug‘chilikni rivojlantirish va intensiv navlarni yaratish borasida olib borilayotgan ishlar bizda yaxshi tassurot qoldirdi.

—Kaliforniyaning iqlim sharoiti Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘xshashligi, shuningdek, Orol dengizi kabi bu hududda xam Soltonsi dengiz-ko‘lining qurib borishi, paxtachilikka ixtisoslashganligi meni diqqatimni tortdi. Shuningdek, ekologik muammolar hamda atrof muhit muhofazasida jamoatchilik nazoratining o‘rni yuqori ekanligi ham dolzarb masalalarni tezkorlik bilan hal etishga imkon yaratayotgani eʼtiborlidir, — deydi mediatur ishtirokchisi bo‘lgan hamkasbim, “Qalampir.uz” sayti muxbiri Shahzod Nasrulloyev.

Eʼtiborlisi shundaki, 10 kunlik mediatur davomidagi uchrashuvlarda xorijiy tajribalarni o‘rganish bilan birga O‘zbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlari haqida ham keng maʼlumotlar berishga harakat qildik. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi, shuningdek, O‘zbekistonda muhofaza etiladigan hududlar maydonining oshirilishi, Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan loyihalar samaradorligi mezbonlarning qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Mediatur davomida shuningdek, ekoturizm orqali aholining ekologik bilim va madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi maskanlarga, xususan, Joshua Milliy Parki, Yoshlar Observatoriyasi hamda Yosemite Milliy Parkiga borib, atrof muhitni asrash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, tabiatni o‘z holicha saqlash sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdik.

–AQSH Milliy Parklarida tabiatni asl holicha saqlashga eʼtibor qaratilishi menda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda olib borilayotgan ishlar insonlarni flora va faunaga bo‘lgan munosabatini yaxshilashga xizmat qiladi, -deydi mediatur ishtirokchisi, “Fermer” jurnali muxbiri Ulug‘bek Jumayev.

San-Fransisko shahridagi O‘zbeklar jamiyati vakillari bilan uchrashuvimiz ham bevosita ona tabiatni asrash bilan bog‘liq holda kechdi. Umuman olganda, ushbu mediatur bizga ekologiya va atrof-muhit muhofazasi borasida AQSHda amalga oshirilayotgan ishlarni yaqindan tanishtirish bilan birga mamlakatimizda bu borada hayotga tabiq etilayotgan chora-tadbirlarni amerikalik mutaxassislarga yetkazishimiz uchun ham keng imkoniyat yaratdi.

Abduvohid Achilov,

“O‘zbekiston 24” teleradiokanali muharriri

Foydali manbalar