Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N.Oblomuradov BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi O.Algayerovaning taklifiga binoan davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha ishchi guruhining oltinchi yig‘ilishi ochilishida onlayn shaklda ishtirok etdi.
Yig‘ilishda BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi mamlakatlari vakillariga O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikchilik modelining jadal rivojlanishi, xususan, chiqindilarni boshqarish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini joriy etishda erishilgan natijalar haqida maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi kunga qadar xususiy sektor bilan aholiga maishiy chiqindilarni olib chiqishda davlat-xususiy sherikchilik modeli bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar tuzilib, bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikchilik tizimi orqali chiqindilarni boshqarish sohasiga xususiy sektorni jalb etgan holda ushbu modelni ekoturizm sohasiga keng joriy etish ham muhim sanaladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov taklif va oliy darajadagi sessiyadagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirib, BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi bilan tegishli sohalarda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligi, bu borada kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar yuqori samara berishini taʼkidladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati