O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov, qo‘mita axborot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasining “Yashil yillik” tadbiri doirasida joriy yil bahor mavsumida daraxt ko‘chatlarini ekishni samarali tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va ushbu ishlarga keng jamoatchilik faol jalb qilinmoqda. Joriy yil mavsum boshidan bahor mavsumida ekilishi rejalashtirilgan 125 million dona ko‘chatdan 120 million 123 ming donasi ekildi.
Shuningdek, mahallalar va boshqa ob’ektlar hududlarida 23,8 million dona, fermer xo‘jaliklari ekin yer maydonlari chetlariga 40,3 million dona, ijtimoiy soha ob’ektlari hududlarida 6 million dona, avtomobil yo‘llari yoqasiga 3,8 million dona va boshqa ob’ektlarga 46,2 million dona ko‘chat ekildi. Respublika bo‘ylab ekilgan ko‘chatlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar shu yil 1 martdan boshlab sinov tariqasida ishga tushirilgan “Yashil makon” elektron platformasiga kiritib borilmoqda.
Barcha tuman va shahar hokimliklarida tashkil etilgan shtablar tomonidan bugungi kungacha jami ekilgan ko‘chatlarning 119,4 milliontasi yoki 99,4 foizi platformaga kiritildi. Respublika bo‘yicha 197 ta mahallada “kashtan ko‘chasi”, “eman ko‘chasi”, “chinor ko‘chasi” kabi namunaviy ko‘chalarni tashkil etilmoqda. Joriy yil 25 martdan boshlab hududiy “Yo‘l ko‘kalam” unitar korxonalari tomonidan bugungi kunga qadar umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari yoqalariga 15,3 million dona terak qalamchalari ekildi. Xususan, Navoiy viloyatida 8 million 216 ming tup mevali hamda buta qalamchalari ekilgan. bugungi kun holatiga viloyat bo‘yicha manzarali va mevali ko‘chatlar ekilgan hududlarda 64 dona tik quduqlar, 180 km qo‘shimcha ariqlar, 268 gektarda tomchilatib sug‘orish tizimi, 36 dona sug‘orish nasoslari o‘rnatilgan.
Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, ko‘chatlarni yetishtirish va yetkazib berishda ochiq-oshkoralikni ta’minlash va ularning narxi asossiz oshib ketmasligi uchun joylarda 300 dan ortiq ko‘chat yarmarkalari va savdo nuqtalari tashkil etildi va ularning faoliyati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
UzA