Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
25.
08. 2021
19:15
4504
Yangiliklar

2021 yil 24 avgust kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashining OAV vakillari ishtirokida «Qurilish uchun shag‘al va qum olishning ijtimoiy-ekologik muammolari hamda ularni hal qilish yo‘llari» mavzusida kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilgan (2018 yil 30 iyul).

Yig‘ilishda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat qo‘mitalari vakillari ishtirok etdilar.

Jamoatchilik kengashi

Jamoatchilik kengashi

Jamoatchilik kengashi

Jamoatchilik kengashi

Jamoatchilik kengashi

Jamoatchilik kengashi

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilashga, shu jumladan, suv ob’ektlarini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, daryolar o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalari, ko‘llar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv ob’ektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishda qum-shag‘al materiallarini ruxsatsiz qazib olish va qonunbuzilish holatlari kuzatilmoqda.

Ta’kidlanganidek, «Xavfsiz daryo» DUK bilan hamkrlikda tadbirkorlarga berilgan uchastkalar o‘rganilganda, quyidagi kamchiliklar aniqlanmoqda: noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish holatlari, o‘zan tozalash va kirg‘oklarni mustahkamlash shartlariga rioya qilmaslik, belgilanmagan joylardan qum-shag‘al qazib olish, kelishilgan parametrlardan chetlashish, chegaralarni ko‘rsatuvchi belgilar va balandlik reperlari o‘rnatilmaganligi, texnikalar uchun maxsus maydonchalar tashkil qilinmaganligi, texnikalar harakati natijasida suvning ifloslantirilishi kabi holatlar mavjud.

Chirchiq daryosida o‘zan tozalash ishlari eni 80-100 m va 1-1,5 m balandlikda ruxsat etilgan bo‘lsada, aksincha 120-200 m va 2-3 m va undan ko‘p qazilgan holatlar aniqlangan.

O‘tgan yili o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida, respublika bo‘yicha 128 ta daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari olib boruvchi 105 ta litsenziyaga ega qum-shag‘al konlarini o‘zlashtiruvchi va 311 ta tosh maydalash va saralash korxonalari o‘rganildi va o‘rganilgan jami 544 ta korxonalarning jami 170 ta atrof muhit qonun buzilish holatlari aniklandi.

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 70 pr. 1-moddasiga muvofiq 180 nafar shaxs jami 1,22 mlrd so‘mlik jarimaga tortilgan, shu jumladan 16 nafar mansabdor shaxs 88,1 mln so‘mlik jarimaga tortilgan. Aniqlangan qonunbuzilish holatlarning 70% oqovalarni suv havzasiga ruxsatsiz oqizish, 20% noqonuniy qum-shag‘al qazish va 5% muhofaza hududga chiqindilarni joylashtirish bilan bog‘lik bo‘lgan.

Joriy yilda ham «Xavfsiz daryo» DUK, Kon-geologiya faoliyatini nazorat kilish inspektsiyasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspektsiyasi va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda grafik asosida, zamonaviy texnologiya qo‘llagan holda (dronlar vositasida) qo‘shma nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda. Jami 152 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati o‘rganildi. Jismoniy shaxslar tomonidan 106 ta noqonuniy qum shag‘al materiallari qazib olish holatlari aniqlandi va huquqbuzarlarga nisbatan 446,0 mln sum ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashiga elektron pochta orqali - ecosovet@eco.gov.uz yoki Telegram bot - https://t.me/Ecosovet_for_uz_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar