Xorazm viloyati. Amudaryo havzasida ekonazorat reydlari
11.
06. 2021
19:44
4743
Yangiliklar

Brakonerlikni kasb qilganlarning o‘ziga xos harakati shundaki, ular yo tong otish arafasida, yoki yarim tunda, xullas, aqliraso odamlar miriqib dam oladigan vaqtda noqonuniy ovga chiqishadi. Qilmishni qorong‘ulikda hech kim ko‘rmaydi, maxsus muhofizlar ham g‘aflat uyqusida bo‘ladi, deb o‘ylashadi.

Buni yaxshi anglagan Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanlardagi inspektsiyalari xodimlari esa hushyorlikni yanada oshirishyapti. Natijada brakonerlarning o‘zlari inspektorlarga «o‘lja» bo‘lganini sezmay qolyapti. Lekin tabiat himoyachilarining xizmatga bunday yondashuvi qo‘riqlanadigan hudud kunduz kuni nazoratsiz qolishini anglatmaydi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Yangibozor tuman inspektsiyasi boshlig‘i Izzat Qo‘chqarovning alohida ta’kidlashicha, sutkaning yorug‘ paytlari jamoatchilik ko‘magida brakonerlarni bartaraf etish nisbatan qulayroq. Boshqa vaqtlarda inspektorlarga faol qarshilik ko‘rsatish – talabga bo‘ysunmaslik holatlari ham uchrab turadi. Albatta, bunday hollarda ekologiya inspektorlari ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish va jarima undirish bilan cheklanishmaydi.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Xorazm viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi ekoinspektorlar tomonidan joriy yil birgina iyun oyining o‘tgan davrida 31 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Shundan 23 ta holat bevosita inspektorlarning sa’y-harakati bilan ochilib, qoidabuzarlarga nisbatan 24,5 mln so‘m jarima qo‘llanildi. 8 ta holatda tabiatga yetkazilgan zarar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar sud organlariga kiritildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunida ovga ruxsat etiladigan muddatlar aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Ayni shu talablarda baliq ovi mavsumi ham belgilab berilgan. Unga ko‘ra, Amudaryo va Sirdaryoda baliq ovlash 10 martdan 1 iyunga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati suv havzalarida esa 11 iyunga qadar ta’qiqlangan. «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasining talabnomasi asosida Davlat ekologiya qo‘mitasi ta’qiq davrini uzog‘i bilan 15 kunga cho‘zish huquqiga ega. Modomiki, 25 iyunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati suv havzalarida sanoat maqsadida baliq ovlash mumkin emas.

Shu munosabat ekologlar baliqlarning noqonuniy ovlanishiga qarshi kurash bo‘yicha rejali tadbirlarni tashkil qildilar. Nazorat reydlari ayniqsa Amudaryo deltasida kunu tun olib borildi. Natijada ov mavsumi yopiq paytda 27 ta brakonerlik holati aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 34 mln so‘mlik jarima va tabiatga yetkazilgan zararlar belgilandi.

Akvatoriyada nazorat olib borishning muayyan murakkabliklari borligi hech kimga sir emas. Bunda motorli qayiqlar va boshqa yordamchi uskunalarning doim soz holda bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, brakonerlar qochishi – berkinishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni oldindan taxmin qila bilish ham samaradorlikning asosiy mezonlaridan biridir. Darvoqe, ov mavsumi yopiq paytida ekonazorat inspektorlaridan boshqa hech kimning suvga motorli qayiq tushirishga haqqi yo‘q.

Darhaqiqat, Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlarining motorli qayiqda daryo akvatoriyasini aylanib yurishining o‘zi qanchadan-qancha brakonerlarning g‘arazli maqsadini chippakka chiqaradi. Shuning uchun ham inspektorlar o‘z xizmatini kunu tun olib borishadi.

Xorazm viloyati

Xorazm viloyati

Xorazm viloyati

Xorazm viloyati

Xorazm viloyati

Xorazm viloyati

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar