Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun loyihasi muhokama qilindi
15.
09. 2020
08:22
5345
Yangiliklar

Yig‘ilishda «O‘simlik dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokama qilindi.

Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasining asosiy g‘oyasi – bu ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida jinoyat va ma’muriy javobgarlikning yangi mexanizmlarini amalga joriy etish orqali o‘simlik dunyosi ob’ektlarini, ayniqsa, daraxt va butalarni muhofaza qilishning choralarini ko‘rishdir.

Qonun loyihasining maqsadi esa daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, ularni yo‘q qilish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikning muqarrar ekanligi bilan ogohlantirish bilan bu yo‘nalishda profilaktika ishlarini olib borishdan iborat.

Ta’kidlanishicha, loyihada O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, jismoniy yoki mansabdor shaxslarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etishda javobgarlik doirasini kengaytirish va kuchaytirish belgilanmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 198-moddasi bo‘yicha birinchi qismining sanktsiyasida «ellik baravarigacha» so‘zlari «ellik baravaridan yuz baravarigacha», ikkinchi qismining sanktsiyasida «ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha» so‘zlari «yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha», shuningdek, uchinchi qismining sanktsiyasida «etmish besh baravaridan yuz baravarigacha» so‘zlari «yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha» so‘zlari bilan almashtirilishi belgilanib, javobgarlik choralari ikki baravarga kuchaytirilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklar g‘ayriqonuniy kesilishi, kundakov qilinishi, yo‘q qilinishi, shikastlantirilishi yoki boshqa joyga ko‘chirilishining oldini olish ta’minlanadi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar