2020 yil 3 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Shavkat Abdurazakov va Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) prezidenti Chechul Yu o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
KEITI 2009 yili Koreya Respublikasida tashkil topgan hamda ilg‘or ekologik texnologiyalarni rivojlantirish, ekologik texnologiyalarni sertifikatlashtirish, atrof-muhit sanoatini rivojlantirish, resurslarni qayta ishlatish, barqaror iste’mol va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib boradi.
Muloqot davomida Koreya atrof-muhit vazirligi tomonidan O‘zbekiston uchun umumiy qiymati 770 ming AQSh dollarga teng bo‘lgan «O‘zbekistonda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish bo‘yicha bosh rejani ishlab chiqish» loyihasiga start berildi.
Mazkur loyiha Qo‘mita hamda KEITI o‘rtasidagi ilk loyiha bo‘lib, uning doirasida Farg‘ona, Jizzax, Termiz, Buxoro, Nukus shaharlarida qattiq maishiy chiqindilarning morfologik tarkibini to‘rt fasl davomida o‘rganish va Korea tajribasi misolida Farg‘ona shahrida chiqindilarni saralab ajratib olishning sinov dasturini amalga oshirish tadbirlarini amalga oshirish belgilangan.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati