Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tizimi raqamlashtirildi
03.
08. 2020
09:44
5429
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida sohada joriy etilgan interaktiv xizmatlar loyihalari taqdimotiga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazildi.

Unda tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan «Elektron hukumat» tizimini takomillashtirish, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ularning sifatini yanada oshirish va korruptsiya holatlarini bartaraf etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, hozirgi kunda qo‘mita tomonidan hududlarda yuqori va o‘rta darajada xavfli toifaga mansub ob’ektlarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish, kompensatsiya to‘lovlarini qo‘llash tizimlarini raqamlashtirish borasida yangi interaktiv xizmatlar loyihalari joriy etildi.

O‘zbekistonda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tizimi 23 yil avval, ya’ni 1997 yili joriy etilgan bo‘lib, ushbu tizimning asosiy maqsadi rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda faoliyatni amalga oshirish mumkinligini aniqlashdan iborat.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hududlarda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjud bo‘lgan 150 mindan ortiq ishlab chiqarish ob’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 9 mingtasi I va II toifaga, 8 ming 800 tasi III toifaga, 3 mingtasi esa IV toifaga mansub bo‘lgan korxonalardir. Bugungi kunda amaldagi davlat ekologik ekspertizasi to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Bu esa o‘z navbatida, ma’lum muddatni talab qiladi. Xususan, keyingi yillarda o‘rtacha yillik loyiha hujjatlari ko‘rib chiqish soni 25 mingtani tashkil qilgan.

Tadbirda tizim faoliyatidagi bu kabi holatlar tahlil qilinganda, mavjud mexanizm zamon talablariga mos kelmasligi aytib o‘tildi. Avvallari ekspertiza xulosasini olish, ayniqsa, viloyatlardagi buyurtmachilar, ya’ni tadbirkorlar uchun ko‘plab muammolarni yuzaga keltirgan. Masalan, respublikaning chekka hududidagi buyurtmachi shartnoma olish uchun Toshkent shahriga bir kelsa, loyihani tasdiqlatish uchun yana takror kelishga to‘g‘ri kelgan. Qolaversa, markaz xodimlari tomonidan taqdim etilgan loyiha atroflicha o‘rganilib, yakuniy xulosa berilgunga qadar buyurtmachi uzoq vaqt kutishiga to‘g‘ri kelgan. Bu jarayondagi ortiqcha mablag‘ va vaqt sarflanishi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Bugungacha tizimda eskicha qog‘ozbozlik tizimi saqlanib qolgani sababli xulosalar va ekologik loyihalarning bir nusxasi qog‘oz ko‘rinishida ishlab chiqarish ob’ektiga taqdim etilgan, ikkinchi nusxasi arxivga topshirilgan edi.

Shuni inobatga olib Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tizimi interaktiv xizmat sifatida elektron ko‘rinishida ishga tushirildi.

Mazkur qulaylik tufayli buyurtmachilarning arizalari va davlat ekologik ekspertizasi materiallari elektron shaklda topshiriladi.

Davlat ekologik ekspertizasi xulosalari elektron ko‘rinishda buyurtmachilarning shaxsiy kabinetlari orqali elektron imzo bilan tasdiqlangan holda taqdim etiladi.

Shuningdek, xizmatlar uchun belgilangan to‘lovlar oferta ko‘rinishida elektron ravishda barcha onlayn to‘lov amaliyot turlari orqali amalga oshiriladi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish borasidagi vazifalar kelishib olindi.
 

Abdulaziz MUSAEV, A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/davlat-ekologik-ekspertizasini-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar