Samarqandda aqlli chiqindi qutilari o‘rnatiladi
21.
07. 2020
19:21
5494
Yangiliklar

Xabaringiz bor o‘tgan yil yakunida Samarqandda Frantsiya Taraqqiyot Agentligi (FTA) ishtirokida «Samarqand shahridagi qattiq maishiy chiqindilar boshqaruvini modernizatsiya qilish» loyihasi o‘z ishini boshlagan edi.

Umumiy qiymati 37,167 million yevroni tashkil etgan mazkur loyiha asosida 80 dona zamonaviy chiqindi tashishga mo‘ljallangan yuk avtomashinalari xarid qilinib, «Maroqand obod» davlat unitar korxonasiga topshirilgandi.

- Loyiha shartlariga ko‘ra shahar ko‘chalariga joriy yilning yanvar oyidan e’tiboran 2100 dona zamonaviy ko‘rinishdagi chiqindi konteynerlarini bosqichma-bosqich o‘rnatish yo‘lga qo‘yilgan, – deydi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha shahar inspektsiyasi bosh mutaxassisi O. Obloqulov, - Hozirda geotexnik izlanishlar va loyihalash ishlari davom etmoqda.

Ayni paytda konsultant tomonidan «Maroqand Obod» DUK imkoniyatlarini oshirish rejasi ishlab chiqilgan. Bugungi kunda chiqindilar poligoni, garaj va 150 ta chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurilishi detal loyihasi asosida chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurilish ishlari olib borilmoqda.

Poligon hududini topografik va geotexnik o‘rganish ishlari va loyiha bo‘yicha tegishli choralarni amalga oshirish jarayoni davom etmoqda. Shu kecha kunduzda 41 ta shoxobchani kapital qayta tamirlash maqsadida maxsus yerni tanlash va loyihalash ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, shu kunlarda kelgusida Geo-informatsion tizim va chiqindi boshqaruv (raqamli) tizimini yaratish ustida texnik shartlar ishlab chiqilib, bu borada keng qamrovli sa’y-harakatlar amaliyotga tatbiq etilmoqda.

O. Obloqulovning qo‘shimcha qilishicha, raqamli tizim aholi tomonidan tashlanayotgan chiqindilar uchun maxsus aqlli chiqindi qutusi bo‘lib, avtomat tarzda chiqindini turlarga ajratgan holda o‘zida qabul qiladi. Mazkur chiqindi qutilari to‘lgan yoki to‘lmaganligi markazlashgan holda nazorat qilinadi. Ta’kidlash joizki, Frantsiya taraqqiyot agentligi ishtirokida «Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish doirasida bugun shahrimizda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish, yiliga 360 ming tonna chiqindilarni to‘plash, yig‘ish, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Samarqand viloyati ekologiya boshqarmasi
Axborot xizmati

Manba: http://www.samarkandnews.uz/post/5334

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar