Sokinlik sari uzun yo‘l: Urung‘och ko‘liga sayohat (fotosayohatnoma)
22.
06. 2020
17:57
8517
Yangiliklar

Nefrit kabi tovlanuvchi, tog‘lar orasidagi Urung‘och ko‘li haqida avval ko‘p eshitgandim. Suratlarini ko‘rib, xo‘p ilhomlangandim. Kecha o‘sha taraflarga borish nasib etdi.

Ko‘lgacha Toshkent shahar markazidan 150 km yo‘l bosish kerak. Iloji bo‘lsa, baquvvat, tog‘ yo‘llariga chidamli avtomobilda borilgani ma’qul. Aks holda shahar avtomobilining "xodovoy"lariga zarar yetishi mumkin.

Ketishda benzobakni to‘ldirib olish esdan chiqmasin. Tog‘ yo‘lida avtomobil qiynalib harakat qiladi, ko‘proq yoqilg‘i sarf qiladi.


 

Chorvoq suv ombori yuqori qismidan o‘tadigan yo‘l tekis, manazaraga boy. Agar saxardan so‘ng yo‘lga chiqsangiz, yuqoridan suv ombori va vodiyning ko‘rinishi tiniq bo‘ladi. Kunning ikkinchi yarmida esa, is gazi va boshqa omillar tufayli manzara xiralashadi.

Yo‘l-yo‘lakay Sijjak, Qorabuloq, Nanay, Polvonak, Maydontol, Qo‘shbuloq, Tepar, Takayong‘oq, Juzjurek tog‘ qishloqlari manzarasidan bahra olasiz. Ayniqsa, Pskom daryosi vodiysi juda go‘zal.


 

Iloji bo‘lsa, o‘zingiz bilan ovqat olvoling. Tog‘ qishloqlarida ham go‘ja, ayron va non-suv sotiladi. Kabobdan ehtiyot bo‘lish kerak degan xulosaga keldim: yo‘l yoqasida, Nanaydagi mahalliy kabobxona egasining aytishicha, ba’zida tog‘dan to‘ng‘iz ovlab obkelisharkan. Shu yerda to‘ng‘iz kabob ham pishirarkan.

Nanaydan o‘tib, asfalt yo‘l tugab, toshli-tuproqli tog‘ yo‘li boshlanadi. Tezlikni pasaytirib, avtomobilni ayab, sekin-asta harakat qilinadi. Taxminan 35 kilometr mana shunday yo‘l davom etadi. Yo‘lning ayrim uchastkalari juda xarob. Ehtiyot bo‘lish kerak. Har qalay yo‘lni tog‘dan tushgan tosh va tuproqdan tozalab qo‘yishibdi.


 

Urung‘ochga 16 kilometr qolganda Ekologiya qo‘mitasining posti mavjud. U yerda qaerga ketayotganingiz, hujjatlaringiz so‘raladi. Ekologik qonun-qoidalar tushuntiriladi.

Safarga chiqqaningizda pasportingizni olvoganingiz ma’qul. Urung‘och ko‘li chegara zonasida joylashgan. Aytishlaricha, avval ko‘lga kirishda chegarachilar posti bo‘lgan, u yerda keluvchilarni registratsiya qilishgan. Hozir bu post olib tashlangan. Shunday bo‘lsa-da, chegara zonasida pasportingiz yoningizda bo‘lishi zarar qilmaydi.


 

Nihoyat, tog‘ yo‘lining o‘nqir-cho‘nqirlaridan keyin Urung‘och nafasi seziladi. Mashina yo‘lining so‘nggi nuqtasiga 500 metr yetmasdan avtoturargoh mavjud. Avtomobilingizni shu yerda qoldirsangiz ham bo‘ladi. Bo‘lmasa pastroqda ham joylar bor.

Bu yog‘i Kichik Urung‘och ko‘ligacha 2 kilometrlik masofa qoldi. Shu yerdan yo‘l tanlamas "Niva"lar ko‘lgacha kishi boshiga 10 000 so‘mdan olib chiqib qo‘yadi. Men esa piyoda borishni tavsiya qilaman. O‘rmon manzara, toza havo, bulbullar sayrashi, buloqlar, shalolalar, so‘lim tabiat, o‘simliklar - tabiiylikka nima yestin!


 

Shu yerda o‘rmon xo‘jaligi post joriy etibdi. Bir haftadan beri hududga kirish pulli bo‘lib qolibdi: kishi boshiga 11 150 so‘m. Kvitantsiya va chek berishyapti.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan davlat o‘rmon xo‘jaligidan rekreatsion va estetik maqsadlarda foydalanganlik uchun har bir kishi uchun bir sutkaga eng kam ish haqining 0,05% miqdorida to‘lov belgilangan ekan.

Toqqa (ko‘lga) ko‘tarilishda uzun qora ko‘zoynak, yengi uzun kiyim, bosh kiyim kiyishni unutmang. Quyosh teringizni kuydirishi mumkin. Agar "zagar" olmoqchi bo‘lsangiz - bemalol. Teringiz kuygach, 1-2 kun rosa achishtiradi, bir haftadan so‘ng tulashni boshlaydi.


 

Tog‘ning so‘qmoq yo‘llari xavfli. Bo‘lsa, maxsus tayoq, bo‘lmasa, o‘zingizni tutib turuvchi tayoq olvosangiz toqqa chiqishda va ayniqsa, tushishda qiynalmaysiz.

Yarim soatlar piyoda yurib Kichik Urung‘och ko‘liga yetib keldik. Ko‘l dengiz sathidan 1 227 metr balandlikda joylashgan. Suvi to‘lgan paytda uzunligi uch yuz ellik metr, eni etmish sakkiz metr atrofida bo‘ladi. Hozir suvi ancha qochibdi.


 

Kichik ko‘l manzarasi men fotolarda ko‘rganimdek emasdi. Odam ko‘payganigami, ko‘lning suvi qochganigami, tasavvurimdan ancha kichikligigami - shu yerga shuncha yerdan mana shuni ko‘raman deb kelganmidim degan xayol o‘tdi.

Lekin yana 1.7 kilometr uzoqdagi Yuqori Urung‘ochning narigi sohiliga o‘tgandagi go‘zallik, sokinlik va yashillikni ko‘rib, bu xayollar uchdi-ketdi.


 

2019 yil 8 oktyabrda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joylashgan, maydoni 43 gektar bo‘lgan «Urung‘och» tabiiy ko‘li va unga tutash hududlar davlat gidrologik tabiat yodgorligi deya e’tirof etilgan.

«Urung‘och» davlat gidrologik tabiat yodgorligining asosiy vazifalari sifatida ko‘l va unga tutash hududlarni o‘zgartirishsiz saqlash, tog‘ ekotizimi o‘simlik va hayvonot dunyosini qayta tiklash va takror ko‘paytirish, ekologik turizmni tashkil qilish, ilmiy va ekologik-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, aholining ekologik ta’lim va tarbiyasiga ko‘maklashish qayd etilgan.

Tog‘ so‘qmoqlari bo‘ylab o‘rmalab, Yuqori Urung‘ochga ham yetib keldik. Kichik ko‘ldan taxminan 20 baravar katta ushbu suv havzasi dengiz sathidan 1 500 metr balandda joylashgan.


 

Tabiat juda go‘zal: hamma yoq yam-yashil, ko‘l atrofi faqat tog‘. Qarshingizda qorli cho‘qqi.

Ko‘l suvi 7-8 darajada bo‘lib, unda cho‘milsa bo‘ladi, lekin suv ichida 1 daqiqadan ko‘proq turishning imkoni yo‘q: chaqib oladi.

Karantinning yumshashi sabab bu yerga keluvchilar soni oshgan. Ko‘ldagi ekologiya qo‘mitasi xizmatchisiga ko‘ra, o‘tgan yakshanba kuni 500 kishi kelgan.


 

Yuqori Urung‘ochning sharqiy sohili toshli bo‘lib, tashrif buyuruvchilarning aksariyati yaqinligi uchun shu yerga keladi. Odam ko‘pligi uchunmi sharqiy sohilning qirg‘ochlari biroz xiralashgan. Atrofda baklajka, tibbiy niqob va ovqat qoldiqlarining tashlab ketilgani dilni xira qiladi.

Ko‘lning g‘arbiy sohiligacha 1,5 kilomer tog‘ so‘qmoqlari bo‘ylab oshib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Yuqorida ko‘lning yana ham maftunkor manzarasi namoyon bo‘ladi.


 

Tog‘dan tushib, sohilga tushishimiz bilan tog‘lar orasidan tabiiy filtrlanib chiqayotgan musaffo buloq suvidan rohatlanib ichdik. Issiqda suvsaganimiz uchun, suvning chuchuk va yengilligi tufaylimi 2 litrcha ichib yuborsam-da, yana ichgim kelaverdi.


 

G‘arbiy sohil jonning huzuri ekan: odam deyarli yo‘q, qorli cho‘qqidan erib tushayotgan muzdakkina suvli Urung‘och daryosi, qumli sohil, salqin daraxtzor, ko‘m-ko‘k o‘tloqlar, mayin shabada, tog‘ yalpizining muattar bo‘yi... Har qanday yuqori texnologiyali raqamli hayotdan xoli (telefon signali tutmaydi) tabiiy muhit. Palatka tutib bir-ikki kun qoladigan joylar ekan.

Bunday joylarda odam o‘zini xotirjam his qilarkan. Muzdak suvda tahorat qilib, Yaratganning farzini ado etishda ham huzur tuyarkan kishi. Xuddi, namoz o‘qishni endi boshlagan paytlaringizdagidek, qaniydi tezroq azon chaqirsa, qaniydi namoz tugamasa...


 

Bir olam taassurot, yangi energiya bilan 5 kilometr tog‘ yo‘lidan piyoda tushib, avtomobilga o‘tirgancha, yana sershovqin shahar tomon yo‘lga tushdik.
 

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

 

 

 

 

 

 


Davronbek TOJIALIEV, SOF.UZ

Manba: https://sof.uz/sw0

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar