So‘nggi yillarda ekologiyani muhofaza qilishga qaratilayotgan e’tibor tufayli tabiatning mo‘‘jizakor ne’matlarini saqlash, hayvonot va o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish borasida tizimda sezilarli ishlarga qo‘l urilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining tashabbusi bilan 2020 yilning may oyi – «Brakonerlikka qarshi kurash oyi» deb e’lon qilinishi ushbu fikrimizni tasdiqlaydi.
Jizzax viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Prokuratura, IIB hamda Milliy Gvardiya bilan hamkorlikda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida qonunbuzilish holatlari va ularning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirida qir qator huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Jumladan, Aydar-Arnasoy ko‘li Tuzkon bo‘limining 99-konturi hududida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbiri davomida tonggi soat 4:40 larda o‘zini Zafarobod tumani «Lolazor» QFYda yashovchi Sardor deb tanishtirgan va voqea joyidan qochib ketgan yigitga tegishli bo‘lgan buyumlar ko‘zdan kechirilganda 2 dona rezina qayiq, 2 dona qayiq nasosi, 2 dona akkumlyator, uch dona sazan, 12 dona karas balig‘i borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Shu kuni o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbiri davomida jami 6 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Ulardan jami 6 ta rezina qayiq, 9 dona akkumlyator, 2 ta elektr qarmoq va 14 dona sazan, 82 dona karas balig‘i daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Hozirda aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquq-tartibot organlariga taqdim etish uchun jo‘natilmoqda.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati