Ov mavsumi: ovchining majburiyatlari nimalardan iborat?
23.
08. 2024
19:13
232
Yangiliklar

Ayni damda yurtimizda ov mavsumiga davom etmoqda. Bunda, albatta, ov qilishning o‘z-tartib qoidalari borligini unutmaslik lozim. (https://lex.uz/docs/-4890112)

Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq har yili 28-fevraldan 15-avgustgacha ov qilishga taqiq qo‘yiladi.

Ov qilish joylarida quyidagilar taqiqlanadi:

— qishloq xo‘jaligi, meliorativ, o‘rmon xo‘jaligi ishlarini va boshqa ishlarni yovvoyi hayvonlarning nobud bo‘lishiga olib keladigan usullarda amalga oshirish;
— o‘zboshimchalik bilan yovvoyi qushlarning tuxumlarini yig‘ish, uyalarini vayron qilish, yovvoyi hayvonlarning uychalarini, inlarini va boshqa uyalarini buzish (bundan yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish bilan bog‘liq hollar mustasno);
— qurigan dov-daraxtlarni va ularning qoldiqlarini ildizi bilan yoqish;
— yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, bo‘lish va urchish joylarida, shuningdek, ularning ko‘chib o‘tish yo‘llari bo‘lgan joylarda dov-daraxtlarni yo‘q qilib yuborish, qiyoq, qamish va yovvoyi holda o‘suvchi boshqa o‘simliklarning chakalakzorlarini yoqish.

Unutmang! Haqiqiy ovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan va ov qilish sohasida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan chet ellik fuqaro ovchi hisoblanadi.

Quyidagilar ov qilish joylariga kirmaydi:

— aholi punktlarining yerlari;
— sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy maqsadga mo‘ljallangan yerlar;
— muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (agar ularning rejimida ov qilish nazarda tutilmagan bo‘lsa);
— shaharlar atrofidagi yashil zonalar;
— korxonalarning sanitariya-himoya zonalari;
— suv olish inshootlarining himoya zonalari;
— aerodromlar;
— temir yo‘llarning himoya zonalari;
— chegara oldi mintaqasi;
— hosil yig‘ishtirib olinguniga qadar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar;
— to‘g‘onlar, suv ayirgichlar, ko‘priklar yonidagi, baliqchilik pitomniklari, hovuz xo‘jaliklari va boshqa madaniy baliqchilik xo‘jaliklari chegaralaridagi uchastkalar (agar ushbu obyektlarni muhofaza qilish rejimida ov qilishga doir taqiq nazarda tutilgan bo‘lsa).

Ovchining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
— ov qilish chog‘ida ovchilik guvohnomasini, ov qurolini saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomani, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomaniyoki ovchilik yo‘llanmasini (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasini) yonida olib yurish;
— ovchilik xo‘jaligining va ov qilishga ruxsat etiladigan hududning chegaralarini aniq bilish;
— ov qilishga ruxsat etiladigan hududdan tashqarida ov qilmaslik;
— yovvoyi hayvonlarni tutish normalariga va ov qilish muddatlariga rioya etish, ov qilishni yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilgan joylarda amalga oshirish;
— ov qilishni boshlash oldidan ovchilik yo‘llanmasida (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasida) ov qilish boshlangan sana to‘g‘risidagi ustunni to‘ldirish;
— ov tugagach, ovchilik xo‘jaligidan yoki ov qilish joylaridan chiqib ketishdan oldin yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomada tutilgan yovvoyi hayvonlar haqida belgilar qo‘yish;
— ov tugagach, ovchilik yo‘llanmasini (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasini) ov natijalari to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda, o‘n kundan kechiktirmay qaytarish;
— yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish;
— maishiy chiqindilarni to‘xtash joyidan yig‘ishtirib olish va to‘plash joylariga olib chiqish;
— halqalar, mikrochiplar, yorliqchalar, tamg‘alari bo‘lgan yovvoyi hayvonlar tutilganda hududida ov qilish amalga oshirilgan ovchilik xo‘jaligiga yoki ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hududiy organiga ular to‘g‘risida axborot taqdim etish;
— lavhalar, e’lonlar, oxurlar, yoyib qo‘yilgan qo‘shimcha ozuqalar, sun’iy uyalarga va boshqa biotexnik qurilmalarga shikast yetkazmaslik;
— ov qilishning xavfsizlik qoidalarini bilish va ularga amal qilish.

Yovvoyi hayvonlarni tutishda quyidagi ov qurollaridan foydalanish taqiqlanadi:
— o‘ziotar qurollar;
— kamonlar, arbaletlar va nayzalar (ov qurollaridan yovvoyi hayvonlarni immobilizatsiya qilish (qimirlamaydigan qilib qo‘yish) hamda tamg‘a qo‘yish bilan bog‘liq ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun foydalanish bundan mustasno);
— sirtmoqlar;
— ilgaklar;
— tuyoqli yovvoyi hayvonlar uchun qopqonlar;
— to‘rlar.

Yovvoyi hayvonlarni tutishda ov qilishning quyidagi usullaridan foydalanish taqiqlanadi:
— ov uchun chuqurlar qazib qo‘yish;
— portlovchi, kimyoviy moddalarni va biologik preparatlarni qo‘llash;
— elektr tokini qo‘llash;
— dov-daraxtlarni yoqish;
— tovushsiz otish moslamalarini qo‘llash;
— yovvoyi hayvonlarni jalb etish uchun ovoz chiqaruvchi apparatlarni qo‘llash;
— suvdan kechib o‘tish joylarida, yong‘inlardan, toshqinlardan va boshqa tabiiy ofatlardan qochayotgan yovvoyi hayvonlarni ovlash;
— yovvoyi hayvonlarni muzga, qalin qorga, suvga yoki ular uchun xos bo‘lmagan o‘zga yashash muhitiga haydab kiritish;
— sutkaning qorong‘i vaqtida yoritish anjomlari bilan (bundan to‘ng‘iz, bo‘rsiq, jayra ovlash mustasno) transport vositalarini, shu jumladan yer ustida harakatlanadigan, havoda parvoz qiladigan vositalarni va kichik o‘lchamli kemalarni qo‘llash.

Diqqat!!!
Ov qilish mavsumida haftaning ikki kuni — seshanba, chorshanba — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qushlarni ov qilish uchun yopiqdir (bundan Fanlar akademiyasining xulosasini inobatga olgan holda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun qushlarni tutish hollari mustasno).

Unutmang! Ov qilish qoidalarini buzish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra qat'iy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu qoidalarni buzgan shaxslar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Foydali manbalar