O‘zbekiston va Avstriya atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi
02.
05. 2024
10:57
1082
Yangiliklar

1-may kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov Avstriya Federal moliya vaziri oʻrinbosari Andreas Reyxardt, Avstriya kon-metallurgiya assotsiatsiyasi va Rangli metallar federatsiyasi ijrochi direktori Roman Stiftner, Avstriya texnologiya assotsiatsiyasi ijrochi direktori Tino Terraneo va avstriyalik ekspertlardan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda J. Kazbekov ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini taʼkidlab, iqtisodiyot, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganiga e'tibor qaratdi.

Mehmonlarga so‘nggi yillarda O‘zbekiston ekologik diplomatiya markaziga aylangani, mamlakatimizda UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi, Cho'llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyaning 21-sessiyasi (CRIC21) va Avstriya vakillari faol ishtirok etgan Ko'chib yuruvchi turlarni saqlash bo'yicha konvensiyaning (CMS COP14) 14-yig'ilishi kabi muhum tadbirlar o‘tkazilganligi haqida ma'lumot berildi.

Shuningdek, mahalliy va mintaqaviy ekologik muammolarni hal qilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion g'oyalar, amaliyotlar va texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda O‘zbekiston va butun mintaqaning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) ham alohida qayd etildi.

Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish, atmosfera havosi sifati monitoringi va ekologiyaning boshqa yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga umid bildirdilar hamda barcha sohalarda hamkorlik uchun mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish muhimligini qayd etdilar. 

Shu bilan birga, Avstriya texnologiyalari va nazorat tizimidan foydalangan holda havo sifatini monitoring qilish uchun situatsion markaz yaratish masalasi ham muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqilib, “yashil” iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish muhimligi ta'kidlandi.

Foydali manbalar