Chiqindilarni boshqarish va suvni tozalashga yangi investitsiyalar jalb qilinadi
01.
05. 2024
00:40
2283
Yangiliklar

30-aprel kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va BAAning “Vision Invest” kompaniyasi prezidenti va bosh direktori Omar N. Al-Midaniy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda, jumladan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kompaniya vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq vazirlik oldiga qo‘yilgan maqsad va ustuvor vazifalar bilan tanishtirildi.

Uchrashuv davomida maishiy chiqindilar bilan bog'liq xizmatlar ko'rsatish darajasini oshirishda chiqindilarni qayta ishlash darajasini sezilarli darajada oshirish, xalqaro standartlarga moslashtirish, chiqindilarni poligonlarda to'planishining oldini olish, atrof-muhitga salbiy ta'sirni minimallashtirish, “nol chiqindi” tamoyilini amalga oshirish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirishning ahamiyati yuqori ekanligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida xavfli chiqindilarni boshqarish sohasida qoʻshma istiqbolli investitsion loyihalarni ishlab chiqish, shuningdek, atrof-muhitni va aholi turmush sifatini yaxshilash maqsadida suv resurslarini tozalash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Foydali manbalar