Yuqorichirchiq tumanida tabiatga 6 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi. Hujjatlar Bosh prokuraturada
18.
04. 2024
18:52
1900
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o’zgarishi vazirligi tomonidan Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosida nazorat reyd tadbirlari olib borildi. 

Reyd davomida daryoning muhofaza mintaqasidan 1 dona yuklovchi va 2 dona “MAN” rusumli yuk tashuvchi transport vositalari yordamida shag‘al mahsulotini noqonuniy qazib olib ketilayotganligi aniqlandi.

Surishtiruv davomida qum-shag’al “Sharq neftgaz biznes” MChJ rahbari O. K. tomonidan qazdirilganligi ma’lum bo’ldi. Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, haydovchilar va MChJ rahbaridan tushuntirish xatlari olindi. Shuningdek, ikkita yuk mashinasi hamda ekskavator jarima maydoniga joylashtirildi.

Shag‘al mahsuloti qazilgan joyda olib borilgan o‘lchov natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 6 milliard 635 million 894 ming 160 so‘mni tashkil qildi. Holat natijasida O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni 18-moddasi hamda “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi talablari buzilgan.

Holatga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni ta’minlash maqsadida tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.

Foydali manbalar