Har oyning toʻrtinchi chorshanba kuni “Avtomobilsiz kun” bo’ladi
31.
03. 2024
12:19
4309
Yangiliklar

Endi Toshkent shahrida har oyning to‘rtinchi chorshanba kuni "Avtomobilsiz kun" sifatida o‘tkaziladi. Bu Oʻzbekiston  Prezidentining joriy yil 21-fevraldagi 37-son Farmoniga asosan amalga oshiriladi.

Avtomobilsiz harakatlanishni targʻib qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad, eng avvalo, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda avtomobil tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratish va atrof-muhitni muhofaza qilish har bir insonning fuqarolik burchi ekanligini taʼkidlashdir.

“Butunjahon avtomobilsiz kuni” (World Carfree Day) har yili 22-sentyabrda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidagi 2 mingdan ortiq shahar, jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Braziliya, Kanada kabi davlatlarning poytaxt va yirik shaharlarida oʻtkazib kelinmoqda. Shu bilan birga, Fransiya (Parij), Indoneziya (Jakarta) va Ruanda (Kigali) kabi mamlakatlarning poytaxtlarida “avtomobilsiz kun” tadbiri muntazam ravishda tashkil etiladi.  

Toshkent shahrida davlat idoralari rahbarlari va xodimlarining jamoat transportidan foydalanishi orqali oyda bir kun davomida shaharda yuradigan avtotransport vositalari soni oʻrtacha 200 ming (22-25 foiz)ga kamayadi. Natijada atmosfera havosiga avtomobillardan zararli tashlamalar ham 22-25 foizga (oʻrtacha 580 tonnaga) qisqaradi hamda  shahar ichidagi tirbandliklar kamayishiga erishiladi. 

Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari ish joyiga jamoat transportida kelishi orqali namuna koʻrsatib boradi. Tabiiyki, Ekologiya vazirligi rahbariyati va xodimlari ham.

Bu 2024-yilning 24-aprel, 22-may, 26-iyun, 24-iyul, 28-avgust, 25-sentyabr, 23-oktyabr, 27-noyabr va 25-dekabr kunlariga to’g’ri keladi.

Bugungi kunda ekologik toza jamoat transporti – elektrobuslarni keng joriy etish, metroning yangi liniyalarini ishga tushirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, veloyoʻlaklar ham qurilib ishga tushirilmoqda. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, faqat jamoat transportini rivojlantiribgina shaharda avtomobil tirbandligi muammosini hal qilish mumkin. 

“Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi atrofida hammani birlashtira olsak, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida sezilarli  qadam qoʻyilgan boʻlardi. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni ushbu loyihada faol ishtirok etishga chorlab qolamiz!

Foydali manbalar