Andijon shahridagi Prezident maktabida navbatdagi “Eko-fest” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda 4 ta jamoa (“Blue”, “Green”, “Red”, “White”) o‘zaro bellashdi.
Xususan, “Ekologiya har birimizdan boshlanadi” shiori ostida rasmlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan chiqindilardan qayta ishlangan buyumlar va hunarmandchilik mahsulotlari, kreativ va zamonaviy chiqindi qutilari taqdim etildi. Qolaversa, eko notiqlar va eko targ’ibotchilar tanlovi hamda "eko-fashion" shou namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. "Eko-fashion" shouda o‘quvchilar chiqindilardan yaratilgan kreativ obrazlarda namoyon bo‘lishdi.
Ma’lumot uchun, “Eko-fest” loyihasi ikki yildan buyon muntazam o‘tkazilmoqda. Loyiha xalqaro ekspertlarning ma’ruzalari, insonning tabiatga ta’siri to‘g‘risidagi amaliy seminarlar, mustaqil tadqiqotlar, maishiy va issiqxona sharoitlarida "aqlli sug‘orish" orqali suvni tejash bo‘yicha smart-yechimlarni ishlab chiqish, qog‘oz va plastikni qayta ishlash bo‘yicha mahorat saboqlari, suv tozalash obyekti, havoni monitoring qilish stansiyasi, chiqindi poligoniga ekskursiyalar va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Tadbirda chiqindilardan qayta ishlangan buyumlar va hunarmandchilik mahsulotlari savdosi tashkil qilindi. Savdodan tushgan mablag’ maktabda o’tkazilishi belgilangan “Yashil makon” aksiyasi uchun sarflanadi.
Shuningdek, jamoalar eko-notiqlar bellashuvida tabiatga zarar yetkazuvchi harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatni ta’sirchan usullarda targ’ib qildilar. Tadbir yakunida loyiha davomida g'olib bo'lgan o'quvchilar, jamoalar diplom va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, Prezident maktabi 2022-yilda "Eco-school Uzbekistan" loyihasining a’zosi sifatida eko-ta’limni amalga oshira boshladi. Loyihaga a’zo bo‘lish o’quvchilarning barqaror kelajakni ta’minlash bo‘yicha faol ekologik pozitsiyasini, iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilishdagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirdi. Bundan tashqari, “Yashil maktab” dasturi doirasida eko-faol o‘quvchilardan iborat “Eko-qo’mita” tashkil e’tildi. Bugungi kunda mazkur o‘quvchilar barqaror rivojlanish tamoyillarini o'rganmoqda, atrof-muhitni muhofaza qilish usullari bilan tanishmoqda va boshqa eko-maktab o‘quvchilari bilan birga ekologik loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
Andijon shahridagi Prezident maktabi eko-ta’limni zamonaviy turmush tarzining muhim asosi deb hisoblab, atrof-muhitni asrash borasida mas’uliyatli avlodni tarbiyalashni maqsad qilgan. Shuningdek, o'quvchilar hamda ularning ota-onalarida ekologik madaniyat va tabiatga daxldorlik hissini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ko‘nikma va malakasini, tabiatga ziyon yetkazuvchi harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni muhim vazifalardan biri hisoblanadi.