Surxondaryoda qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 83 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 287 million so’m jarima qo’llanildi
22.
02. 2024
17:20
2072
Yangiliklar

Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, Milliy gvardiya boshqarmasi, yo‘l-patrul xizmati hamda “Xavfsiz daryo” DUK tashkilotlari hamkorligida viloyat bo’ylab doimiy reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda. 

Ma'lumot uchun, noruda materiallarini noqonuniy ravishda qazib olish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlashda dron uchuvchisiz qurilmasidan foydalanilmoqda. Yil boshidan bugunga qadar yer-suv hamda noruda materiallarini noqonuniy qazib olishga qarshi 132 ta profilaktik tadbirlar amalga oshirilgan bo’lib, shundan 99  ta holatda huquqbuzarliklar aniqlangan. Shundan noruda materiallarini noqonuniy qazib olish bo’yicha MJtKning 70-moddasi 1-qismi va 71prim 1-moddasi bilan 29 ta holat, MJTKning 65-82-95-moddalari bilan 54 ta holatda 287 million so’m ma’muriy jarimalar qo’llanilgan. Huquqbuzarliklarning 16 tasi yer-suv bilan bog‘liq.

15 ta holatda tabiatga umumiy hisobda 15 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan va bu zarar huquqbuzarlardan undirilmoqda. 

Navbatdagi reyd tadbirlari davomida ham bir qator huquqbuzaliklar aniqlandi. Jumladan, Jarqo’rg’on tumanida huquqbuzar tumanning “Gulhovuz” mahallasi hududidan oqib o’tuvchi “Surxon” daryosi o’zanidan o’zining maxsus texnikasi orqali qum noruda materialini qazib olayotganligi aniqlandi. Unga nisbatan MJtKning 70prim 1-moddasi 1-qismiga ko'ra BHMning 30 barobari – 10 million 200 ming so’m miqdorida jarima qo’llanilgan. Huquqbuzar belgilangan jarima hamda tabiatga yetkazilgan zararni (3 million 300 ming so’m) to‘laydigan bo‘ldi.



Shuningdek, Denov tumanida o’tkazilgan nazorat tadbirlarida  Denov tumani “Arab” mahallasi hududidan oqib o’tuvchi “Qizilsuv” daryosi o’zanidan qum tosh qazib olinayotganligi aniqlandi.  Holat natijasida tabiatga 2 million 550 ming so’m zarar yetkazilgan. Huquqbuzar K. A.ga nisbatan MJtKning  70prim 1-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 30 barobari — 10 million 200 ming so’m miqdorida jarima qo‘llanildi. U jarima hamda yetkazilgan zararni to‘laydigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, Sariosiyo tumanidagi “Anorzor” mahallasi hududidan oqib o’tuvchi “Obizarang” daryosi qirg’oqlaridan  tosh qum qazib olayotgan fuqaro Q.X.ga nisbatan MJtKning 70-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzar BHMning 10 barobari — 3 million 400 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi. 

Oltinsoy tumani hududida o’tkazilgan nazorat tadbirlarida esa “Oltinsoy”  daryosi o’zanidan fuqarolar T.Y. va A.B. maxsus texnika yordamida qum-tosh mahsulotlarini noqonuniy ravishda qazib olayotganligi aniqlandi. Holat yuzasidan fuqarolarning har biriga nisbatan MJtKning 70 prim 1-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlardan ikki holat oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar (4 million 490 ming so’m) hamda BHMning 30 barobari — 10 million 200 ming so’m miqdorida jarima undiriladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, fuqaro B.B. Termiz tumani hududidan oqib o’tuvchi daryo o’zanidan noqonuniy ravishda qum-shag’al qazib olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan MJTKning 70prim 1-moddasining   1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 30 barobari — 10 million 200 ming so‘m miqdorida  jarimaga qo‘llanildi. Shuningdek. B.B. tabiatga yetkazilgan zarar — 3 million 450 ming so’mni ham to‘laydigan bo‘ldi.

Reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

Foydali manbalar