Tojikiston bilan mintaqada transchegaraviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi
14.
02. 2024
13:04
1017
Yangiliklar

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CMS COP14 xalqaro konferensiyasi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida vazir yuqori martabali mehmonga “Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Konvensiya ishtirokchilarining 14-konferensiyasiga tashrif buyurgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Shuningdek, yurtimizda 2018-yildan buyon Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon ekish dasturini amalga oshirilayotgani, bugungi kunga qadar qariyb 2 million gektar maydonda ishlar olib borilgani, 2021-yil kuzida “Yashil makon” umummilliy tashabbusi boshlangan bo‘lib, uning doirasida har yili 200 million tupdan ortiq daraxt ekilib, yashil maydonlar maydonini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgani haqida ma’lumot berildi. 

“Biz qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha faol siyosat olib boryapmiz, ularning hududi so‘nggi yillarda butun respublika hududining 14 foizini tashkil etdi. Ishonchimiz komilki, bu sa’y-harakatlar BMTning ekotizimlarni tiklash bo‘yicha o‘n yilligining maqsad va vazifalariga mos keladi”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Shuningdek, uchrashuvda transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash masalasiga e'tibor qaratildi. Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ofisining ochilishi transchegaraviy obyektlarni boshqarish bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqishda muhim o‘rin tutishini ta'kidladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ochilish marosimidagi tabrigida ta’kidlanganidek, biz Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqotni yaxshilash va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish tarafdorimiz. Mamlakatlarimizning transchegaraviy hududlarida Markaziy Osiyoda transchegaraviy muhofaza qilinadigan tabiiy hududni yaratishdan manfaatdormiz", — dedi u.

Qolaversa, Tojikistonning ham Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston qatorida “Raptors” memorandumiga qo‘shilishi quvonarli ekanligini qayd etildi.

Ma’lumot uchun, “Raptors” (“Yirtqich qushlar”) Afrika va Yevroosiyoda ko'chmanchi qushlarni saqlash bo'yicha CMS memorandumi bo‘lib, xalqaro muvofiqlashtirilgan harakatlarni rag'batlantirishga qaratilgan. “Raptors” memorandumi yovvoyi hayvonlarning ko'chib yuruvchi turlarini saqlash to'g'risidagi konvensiyaga (CMS) muvofiq ishlaydigan hujjatlardan biridir.

Uchrashuv yakunida mintaqada qulay ekologik vaziyatni ta’minlashda yanada faol hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Foydali manbalar