Samarqand global ekologik muloqot markaziga aylanmoqda
12.
02. 2024
15:14
1146
Yangiliklar

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan COP14 xalqaro konferensiyasi doirasida O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va tashkilotning Atrof-muhit dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen bilan uchrashdi. 

Aziz Abduhakimov yuqori martabali mehmonga Samarqandga tashrifi va CMS COP14 da ishtirok etayotganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Samarqand global ekologik muloqotlar markaziga aylangani, o‘tgan yilning kuzida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya (ICFS, FAO), so'ng CRIC21 sessiyasi (UNCCD)ga mezbonlik qilganini ta’kidladi. Aprel oyida esa aynan Samarqandda xalqaro iqlim forumi o‘tkazilishini aytib, UNEP vakillarini tadbirga taklif qildi.

Qolaversa, vazir COP14 xalqaro konferensiyasi katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

“Ushbu tadbir 130 mamlakatdan 1800 dan ortiq ishtirokchilarni, atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha konvensiyalarni va butun dunyo bo'ylab yetakchi mutaxassislarni birlashtirdi. Konferensiya shiori “Tabiat chegara bilmaydi”, chunki rostdan ham ko‘chib yuruvchi hayvonlar uchun hech qanday chegara bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish va tabiatni muhofaza qilish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirish tarafdorimiz. Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish ustuvor vazifamizdir, chunki ekologik muvozanat, ekotizim va migratsiya turlari mintaqaviy va global hamkorlikni talab qiladi”, — dedi u.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ekologiyani asrash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, “Yashil makon” loyihasi, Orol dengizi tubida keng ko‘lamli o‘rmonzorlar barpo qilinayotgani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish mexanizmlarini yanada qattiqroq qo'llash, muqobil energiya manbalariga o'tish va ekologik ta'limni kuchaytirish muhim ekanligi ta’kidlandi.

Vazir 2024–2032-yillarga mo'ljallangan ko'chib yuruvchi turlar bo'yicha CMS strategik rejasining qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.  Uchrashuv yakunida UNEP bilan havo sifati monitoringi, ekologik standartlarni takomillashtirish, cho'llanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurash, plastik ifloslanish va og'ir pestitsidlarni boshqarish, ekologik ta'lim va xabardorlikni oshirish kabi yo'nalishlarda hamkorlik qilish muhim ekanligi qayd etildi.

Foydali manbalar