O‘zbekiston va Qozog‘iston Ustyurt platosining hayvonot dunyosini asrab-avaylash borasida hamkorlik qiladi
11.
02. 2024
22:30
2526
Yangiliklar

Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan CMS COP14 yalpi majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Nurken Sharbiyev o‘rtasida memorandum imzolandi. 

Memorandum doirasida Ustyurt platosida yovvoyi hayvonlarning transchegaraviy populyatsiyalari va ularning koʻchib yuruvchi turlarini saqlashni taʼminlash boʻyicha ishchi guruh tuziladi va chora-tadbirlarning “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi. Hujjat quyidagilarni ta'minlaydi:

— ko'chib yuruvchi turlarning muvofiqlashtirilgan monitoringi, tadqiqi va inventarizatsiyasi;

— yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash;

— transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlar va migratsiya koridorlarini yaratish;

— hayvonot dunyosi resurslaridan barqaror foydalanish va ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish;

— mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish;

— ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash sohasida zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni tanlash va qo‘llash bo‘yicha maslahatlashuvlar;

— ko'chib yuruvchi hayvonlarni noqonuniy va/yoki asossiz tutishga, shu jumladan, brakonyerlik va yovvoyi hayvonlar hamda ularning hosilalari kontrabandasiga qarshi kurashish bo'yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish;

— qo‘shma ilmiy-amaliy seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish;

— qo‘shma ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarni tayyorlash va chiqarish;

— yashash muhitining parchalanishi va degradatsiyasining oldini olish choralari;

— “Yo‘l xaritasi”ning tegishli chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun investitsiyalar va mablag‘larni jalb qilish.

Ta’kidlash joizki, kelishuv 2023-yilda Butunjahon tabiiy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan “Turon mo‘tadil cho‘llari” transmilliy Butunjahon tabiiy merosi obyektini saqlash bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining majburiyatlarini bajarish maqsadida imzolangan.

Foydali manbalar