Toshkentda IUCN'ning Markaziy Osiyodagi birinchi ofisi ish boshladi
11.
02. 2024
15:28
2361
Yangiliklar

10-fevral kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”)da Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ofisining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu IUCNning Markaziy Osiyodagi birinchi ofisi hisoblanadi.

Tadbirda IUCN bosh direktori Gretel Agilar, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Markaziy Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Ma’lumot uchun, BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Gretel Agilar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda hamkorlikni yanada mustahkamlash bilan birga Toshkentda IUCN bosh ofisini ochish masalasi ham muhokama qilingandi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Xalqaro Tabiatni Muhofaza qilish Ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikni kengaytirgani va mintaqa ekologiyasini muhofaza qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirgani ta’kidlandi. Shuningdek, IUCNning Oʻzbekistondagi ofisi ochilishi uzoq va samarali hamkorlik kafolati ekanligi qayd etildi.
 
“Hozirda sayyoramiz 3 ta asosiy muammo — iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik va atmosfera havosi ifloslanishi bilan yuzlashmoqda. Bu muammolarni hal qilish uchun barcha davlatlar birga harakat qilishi lozim. Biz O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga mintaqamiz ekotizimini himoya qilishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshiryapmiz. “IUCN” ofisining ochilishi esa bu boradagi muhim qadamlardan biridir”, — dedi Gretel Agilar.

Oʻz navbatida Aziz Abduhakimov IUCN ofisining ochilishi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashini qayd etdi. 

“Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash juda katta ahamiyat kasb etadi, — dedi vazir. — Birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilish, yerlarni tiklash, iqlim oʻzgarishi sharoitida barqarorlikni taʼminlash va boshqa maqsadlarga xizmat qiladigan loyihalarni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu, albatta, bugungi mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. IUCNning Toshkentdagi ofisi Markaziy Osiyo davlatlari, hamkorlar va ekspertlar hamjamiyatlari bilan yaqinroq aloqa oʻrnatish imkonini beradi”.

Ochilish davomida mehmonlar IUCN ofisini ko‘zdan kechirishdi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2021-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga a’zo bo‘lgan. IUCN dunyodagi eng qadimgi va nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkiloti bo'lib, hukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan iborat. U BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega va butun dunyo boʻylab 1400 dan ortiq aʼzo tashkilotlar va 15 000 dan ortiq ekspertlarning tajribasi, resurslari va imkoniyatlaridan foydalanadi.

Foydali manbalar