Buxoro va Navoiydagi chiqindi poligonlari ko‘zdan kechirildi
09.
02. 2024
17:56
2323
Yangiliklar

Abu-Dabining “Tadweer” kompaniyasi bosh direktori Ali Al-Dhaheri boshchiligidagi delegatsiya Navoiy va Buxoro viloyatlariga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizim tashkilotlari mas’ullari hamrohlik qildi.

Ma’lumot uchun, avvalroq Ali Al-Dhaheri Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bilan uchrashgandi. Uchrashuvda “Chiqindilarni boshqarishni kompleks tizimini joriy etish” loyihasi istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrif davomida Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov va Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlash orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish, monitoring tizimini joriy etish, “yashil” energiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi. 

Shuningdek, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktori Sharifbek Hasanov loyiha chiqindilarni boshqarish sohasida zamonaviy innovatsion ekologik toza texnologiyalar va xizmatlarni joriy etish, tozalanmagan chiqindilarni poligonlarga joylashtirishni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, atmosferaga issiqxona gazlari va zaharli organik moddalarni chiqarishni kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Delegatsiya vakillari Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi maishiy chiqindi poligonlari hamda chiqindilarni qayta ishlash inshootlarida bo‘lib, utilizatsiya hamda chiqindilarni tozalash borasida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirishdi. Qolaversa, Buxoroning diqqatga sazovor obyektlari bilan ham tanishishdi.

Ma’lumot uchun, Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 forumi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Tadweer” (Abu Dabi Waste Management Company — Abu-Dabi chiqindilarni boshqarish kompaniyasi) o‘rtasida memorandum imzolangan. Memorandum qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda zamonaviy, innovatsion va ekologik toza texnologiyalar hamda xizmatlarni joriy etish hamda barqarorlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodi ishga tushirilishi ham rejalashtirilgan.

Foydali manbalar