“Yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha Sian va Chendu tajribasi o‘rganildi
09.
02. 2024
13:04
1866
Yangiliklar

Xitoyning yashil energetikaga oid tajribasini o‘rganish maqsadida press-tur tashkil etilgani haqida xabar bergan edik. Press-tur davomida ishtirokchilar Xitoyning Chendu va Sian shahridagi energetikbkompaniyalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishtirildi.

“China XD” kompaniyasi eng katta kuchlanishga ega bo‘lib, bugungi kunda 500 kvtli transformatorlarni O‘zbekistonga yetkazib bermoqda. Kompaniyada 11 000 nafar xodim faoliyat olib boradi. Aynan transformator ishlab chiqarishda esa 1000 dan ortiq ishchi tunu kun ishlaydi. 

Kompaniyaning ikkinchi manzili Sian shahrida joylashgan bo‘lib, bu yerda katta hajmdagi elektr qurilmalari, generatorlar ishlab chiqariladi. Bu tarmoq ham yo‘nalishi jihatidan dunyodagi eng yirigi hisoblanadi. 

“China XD” O‘zbekiston bilan ham samarali hamkorlik qilmoqda. Xususan, mamlakatimizda 100 ta podstansiya qurish va modernizatsiya qilish hamda 110, 220 va 500 kvtli kuchlanishga ega elektr uzatish tarmoqlarini bunyod etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mis klasterida elektr texnika uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

Press-turning yana bir manzili “Longi” kompaniyasining Sian shahridagi shtab-kvartirasi va zavodi bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, bu kompaniya quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi. Dunyo bo'ylab kompaniyaning 30 ofisi, Xitoy Malayziya va Vyetnamda 15 ta ishlab chiqarish bazasi bor. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, dunyodagi har 4 quyosh modulidan 1 tasi “Longi”ga tegishli. Kompaniya o‘tgan yillarda 20 gigovattdan ortiq quyosh panellarini xorijiy davlatlarga yetkazib bergan yagona kompaniyadir. 

"Biz quyosh panellarini mahalliylashtirishda yordam berishga tayyormiz. Biz bozorlarga davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlarni o'rganib chiqdik. O‘zbekiston bu borada Markaziy Osiyoda katta salohiyatga ega", — dedi "Longi" kompaniyasining Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha prezidenti James Jin. 

Ma’lumot uchun, Toshkent viloyatining yashil vodorod ishlab chiqarish texnologiyasi aynan “Longi” bilan hamkorlikda yo'lga qo'yiladi. Bunda o'g'itlarni ishlab chiqarishda tabiiy gazdan voz kechiladi va bir yilda 33 ming kubometr gaz iqtisod qilinadi. 

"O‘zbekiston tabiiy resurslarga boy mamlakat, – dedi "Longi" kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy direktori In Syu An. — Birinchidan, quyosh energiyasi bo‘yicha sizda katta imkoniyat bor. Shuningdek, muqobil energiya manbalaridan foydalanish ham rivojlanmoqda. O‘zbekistonda ikki bosqichli katta loyiha ustida ishlayapmiz. Birinchi bosqichda 400 megavattli energiya yetkazib berish texnologiyalarini quramiz". 

O‘zbekistonlik jurnalist va matbuot kotiblari, shuningdek, Xitoyning Chendu shahrida bo’lib, asosan issiqlik elektr stansiyalari uchun gaz trubinalar ishlab chiqaradigan "Donfang electric corporation"ning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Kompaniya bugungi kunda dunyoning 20 dan ortiq davlatiga kirib borgan. 

"Donfang electric corporation" O‘zbekistonda quyosh energiyasi bo‘yicha ikkita yirik loyihani amalga oshirmoqda. Xususan, kompaniya Samarqandning Kattaqo‘rg‘on va Jizzaxning G'allaorol tumanlarida BAAning "Mastar" kompaniyasi barpo qilayotgan ikkita quyosh  foto elektr stansiyasida bosh pudratchi hisoblanadi. Stansiyalar quvvati 220 megavattni tashkil qiladi. Xitoydagi yana bir korporatsiya — “STATE GRID” 1 milliarddan ortiq aholini elektr bilan ta'minlaydi. O‘zbekistonda ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda Xitoyda elektr energiyasining 14 foizi – shamol, 15 foizi quyoshdan olinadi. Mamlakatda yaqin kelajakda tiklanuvchan energiya manbalarini 50 foizga yetkazish maqsad qilingan. Umuman, Xitoyning yashil energetika borasidagi boy tajribasi ikki mamlakat o’rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Foydali manbalar